AnTuTu benchmarki may oyining eng yuqori samaradorlikka ega top smartfonlar reytingi bilan boʻlishdi, deb xabar beradi “Korrespondent.net”. Ular qatoridan Snapdragon 888 protsessoriga ega modellar va Black Shark 4 Pro oʻrin olgan.

Taʼkidlanishicha, Black Shark 4 Pro Xiaomiʼning geymerlar uchun moʻljallangan qurilmasi hisoblanadi. U 830 ming ball toʻplagan. Shuningdek, reytingdan Qualcomm Snapdragon 888 protsessori, 12/256 gigabaytli xotiraga ega smartfonlar ham oʻrin olgan. Shunga qaramay, reyting yetakchisi va soʻnggi pogʻonadagi qurilma oʻrtasidagi farq 30 ming ballni tashkil etadi.

Bundan tashqari, ekspertlar reytingdan oʻrin olgan oʻrta narxdagi smartfonlarning turfaligiga alohida eʼtibor qaratgan. Ushbu roʻyxatga Snapdragon 780G protsessoriga ega Xiaomi Mi 11 Lite 5G boshchilik qilgan. Ikkinchi oʻrin — Redmi 10X Pro 5G.

Ishlash samaradorligi eng yuqori boʻlgan planshetlar orasida birinchilik M1 chipi oʻrnatilgan iPad Pro 12.9 (2021)ga nasib etdi.