Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki 2021-yilning 14-iyunidan boshlab nominal qiymati 2 000 soʻm va 20 000 soʻm boʻlgan banknot koʻrinishidagi yangi pul belgilarini muomalaga chiqarilishi toʻgʻrisida qaror qabul qilinganligini maʼlum qiladi.

Mazkur banknotlar mavzusi (tematikasi) “Buyuk Ipak yoʻli” va mamlakatimiz hududidagi qadimiy Buxoro shahri va Qoraqalpogʻiston Respublikasi tarixiga bagʻishlangan.

2000 soʻmlik banknot:

Oʻlchami 142×69 mm.

Banknotning oʻng tarafidagi och fonda qadimgi “Buyuk Ipak yoʻli” karvon yoʻlining ramzi sifatida tuya va “2000” raqami koʻrinishida suv belgilari joylashgan. Banknotning oʻng tarafida qogʻoz qatlamida kengligi 1,5 mm. boʻlgan “UZB” yozuvi mavjud metallashgan va mashinada oʻqiladigan himoya ipi oʻtkazilgan.

Old va orqa tomonlarining asosiy ranglari — qirmizi va och yashil ranglardan iborat.

Banknot old tomoni chap qismida dastlab miloddan avvalgi I asrda qad koʻtargan, eramizning IX-X asrlarida qayta qurilgan (hozirgi qiyofasi asosan XVI asrda shakllangan) “Buxoro arki"ning koʻrinishi tasvirlangan.


Banknot orqa tomonida miloddan avvalgi IV-III asrlarda qadimgi karvon yoʻli oʻtgan Poykend shahrining xarobalari, yaʼni “POYKEND ARXEOLOGIYA YODGORLIGI” tasvirlangan.

Oʻng qismida Buxoro viloyati hududidagi “Varaxsha” arxeologiya yodgorliklaridan topilgan VIII asrga taalluqli devoriy ganchkor bezak tasviri hamda miloddan avvalgi III ming yillik davriga tegishli roʻzgʻor idishi — arxeologiya topilmasi aks etgan.

20 000 soʻmlik banknot:

Oʻlchami 147×69 mm.

Banknotning oʻng tarafida och fonda qadimgi “Buyuk Ipak yoʻli"ning ramzi boʻlgan tuya va “20000” raqami koʻrinishida suv belgilari joylashgan.

Banknotning oʻng tarafida qogʻoz qatlamida kengligi 3 mm.li “dinamik” effektiga ega boʻlgan, yuqori himoyalangan, uchta toʻrtburchak yoʻl koʻrinishidagi banknotning ustki qatlamiga chiquvchi himoya ipi joylashtirilgan.

Banknot old tomoni chap qismida hozirgi Qoraqalpogʻiston Respublikasi hududida miloddan avvalgi IV asrda qurilgan, XX asrning 30-yillarida topilgan “QOʻYQIRILGAN QALʼA” meʼmoriy yodgorligi tasvirlangan.


Banknotning quyi qismida naqshinkor tasvir fonida “latent” (yashirin) tasvir “UZ” koʻrinishida berilgan boʻlib, u yorugʻlik manbaiga nisbatan maʼlum qiyalikda koʻrinish xususiyatiga ega.

Banknot orqa tomonida miloddan avvalgi IV asrga tegishli boʻlgan, Sulton Uvays togʻlaridan janubiy sharqqa qarab ketgan balandliklar tepasida joylashgan “JONBOS QALʼA ARXEOLOGIYA YODGORLIGI” tasvirlangan.


Oʻng qismida miloddan avvalgi VII-VI asrlarda Orol-Kaspiy dengizi oraligʻida yashagan xalqlarga tegishli sopol idish hamda miloddan avvalgi I asrga tegishli qadimiy aholi tomonidan zardushtlik marosimlarida foydalanilgan tuya koʻrinishidagi artefakt aks etgan.

Shuningdek, Markaziy bank xabarida muomalaga chiqarilayotgan qiymati 2 000 soʻm va 20 000 soʻm boʻlgan pul belgilari ayni paytda muomalada boʻlgan pul belgilari va tangalar bilan bir qatorda barcha xoʻjalik yurituvchi subyektlar va aholi tomonidan oʻz qiymati boʻyicha barcha turdagi toʻlovlar uchun hech qanday cheklovlarsiz qabul qilinishi shartligi taʼkidlangan.