Yevropa tiklanish va taraqqiyot bankining (YeTTB) oliy darajadagi delegatsiyasi birinchi vitse-prezident Yurgen Rigterink rahbarligida joriy yilning 7−9 iyun kunlari rasmiylar va biznes doiralari vakillari bilan uchrashuvlar oʻtkazish maqsadida Oʻzbekistonga tashrif buyuradi. Bu haqda tashkilotning matbuot xizmati Spotga xabar berdi.

YeTTB delegatsiyasi mamlakat poytaxti Toshkentda Bosh vazir oʻrinbosari, investitsiyalar va tashqi savdo vaziri hamda YeTTB boshqaruvchisi Sardor Umurzoqov, shuningdek Bosh vazir oʻrinbosari Jamshid Qoʻchqorov bilan uchrashuvlar oʻtkazadi. Uchrashuvlar davomida bankning Markaziy Osiyo boʻyicha yangi boshqaruvchi direktori Jujanna Hargitai ham ishtirok etadi.

Tashrif davomida janob Rigterink, Oʻzbekistonning gʻarbiy qismida joylashgan Urganch shahrida YeTBB yangi mintaqaviy vakolatxonasining ochilishi marosimini oʻtkazadi. Shuningdek, u infratuzilma va moliya sektori loyihalari boʻyicha bitimlarni imzolaydi va ekologik jihatdan xavfsiz chora-tadbirlarni targʻib etadigan va 2050-yilgacha Oʻzbekiston karbonat angidridi borasidagi neytralligini taʼminlashga yordam beradigan bir nechta tashabbuslarni ishga tushiradi.

YeTTBning birinchi vitse-prezidenti mamlakatdagi tashkilot biznes hamkorlarining oliy darajadagi rahbariyati, yirik xalqaro investorlar va xalqaro moliya muassasalarining mamlakatdagi vakillari bilan uchrashadi.

2020-yilda YeTTB COVID-19 pandemiyasi sababli Oʻzbekistonda vujudga kelgan muammolarga javoban milliy iqtisodiyotning turli sohalaridagi 18ta loyiha doirasida $521 million ajratdi. YeTTB mablagʻlari mamlakatning bank sektori va kichik xususiy firmalarning moliyalashtirish imkoniyatlarini qoʻllab-quvvatlash, asosiy infratuzilmani modernizatsiya qilish va qayta tiklanuvchan energiya manbalarini rivojlantirishga sarflandi.

Maʼlumot uchun, bugungi kunga qadar YeTTB 92ta loyiha doirasida Oʻzbekiston iqtisodiyotiga €2 milliarddan ortiq mablagʻ kiritdi.