Spot avval xabar berganidek, Vazirlar Mahkamasining qarori asosida radar va kameralar oʻrnatish joylari “E-auksion” savdo maydonchasi orqali sotilishi belgilangandi.
Bunda obyekt onlayn-auksionda gʻolib boʻlgan tadbirkorga mulk huquqi asosida cheklanmagan muddatga, boshqa tadbirkorlarga oʻtkazish huquqi bilan biriktiriladi. Lotning joy dislokatsiyasi, hududdagi transport oqimi va oxirgi 2 yilda aniqlangan qoidabuzarliklar toʻgʻrisidagi maʼlumotlar ochiq eʼlon qilinadi.
E-auksion matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, Xorazm viloyatining Bogʻot tumanidagi hududda radar va kameralar oʻrnatish huquqi savdoga chiqarildi. Ushbu lotda 4 ta videokamera va 2 ta statsionar radar oʻrnatilishi belgilangan.
Yaqin kunlarda boshqa mintaqalardagi hududlar ham namoyish etila boshlaydi. 2021−2022-yillarda tadbirkorlarni jalb qilish orqali mamlakatda 3356 videokamera va 763 ta radar oʻrnatilishi rejalashtirilgan.