Bitkoin Salvadorda qonuniy toʻlov vositasi boʻldi, tegishli qonun 9-iyun kuni mamlakat parlamenti tomonidan qabul qilindi, deya xabar bermoqda “vc.ru”.
Mamlakat prezidenti Nayyib Bukele bitkoin AQSh dollari bilan bir qatorda rasmiy toʻlov vositasiga aylanishini taʼkidladi. Kripto-valyutada toʻlovlar infratuzilmasini yaratish uchun qonun kuchga kirgan kundan boshlab 90 kun davomida ish olib boriladi.
Shuningdek, Salvador hukumati mamlakatdagi Taraqqiyot banki yordamida kripto-hamyonni yaratadi, uning jetonlari qiymati $150 millionga yetadi.
Avvalroq Bukele bitkoinni rasmiy toʻlov vositasi sifatida tan olish mamlakatning chet elda ishlayotgan fuqarolari uchun uylariga pul oʻtkazmalarini osonlashtirishi mumkinligi haqida aytgan edi. Maʼlumot uchun, ushbu mablagʻlar Salvador YaIMining taxminan 20% ini tashkil qiladi.