Markaziy bank boshqaruvi yig‘ilishida asosiy stavkani o‘zgarishsiz qoldirish bo‘yicha qaror qabul qilindi.

Ta’kidlanishicha, joriy yilning may oyida yillik inflyatsiya darajasi 10,9 foizni tashkil etib,aprel(10,7 foiz) oyiga nisbatan biroz tezlashdi. Bunda oziq-ovqat tovarlari guruhida narxlar o‘sishining aprel oyidagi 13,6 foizdan 14,4 foizgacha tezlashishi inflyatsiyani oshiruvchi asosiy omillardan bo‘ldi.

Nooziq-ovqat mahsulotlari narxlari va xizmatlar tariflarining yillik o‘sishi umumiy inflyatsiyaga pasaytiruvchi ta’sir ko‘rsatib, joriy yil may oyida mos ravishda 8,2 va 8,5 foizni tashkil etdi.

Mavsumiy omillar ta’sirchanligi yuqori bo‘lgan meva-sabzavotlar va tartibga solinadigan narxlar chiqarib tashlab hisoblangan bazaviy inflyatsiya darajasi yil boshidan (12,1 foiz) bosqichma-bosqich pasayib kelib, may oyida yillik 10,9 foizni tashkil etdi va umumiy inflyatsiya sur’atlari bilan tenglashdi.

Inflyatsion kutilmalar va sezilgan inflyatsiya ko‘rsatkichlari mart-aprel oylarida ayrim asosiy oziq-ovqat tovarlari narxlarining keskin o‘sishi natijasida aprelda o‘suvchi trendni namoyon etgan edi.