Jizzax shahrida 2022−2023 o‘quv yilidan Qozon federal universitetining filiali faoliyati boshlanadi. Bu haqda viloyat hokimligida Qozon federal universitetining vakillari bilan kelishuvni imzolashga bag‘ishlangan uchrashuvda ma’lum qilindi.
Kelishuvga muvofiq, filialda professor-o‘qituvchilarning kamida 40 foizi Qozon federal universiteti hisobidan ta’minlanadi.
Professor-o‘qituvchilar va talabalar viloyat hokimligi tomonidan turar joy bilan ta’minlanadi. Kadrlar tayyorlash Qozon federal universiteti ta’lim dasturlari asosida yo‘lga qo‘yiladi.
Ushbu ta’lim muassasasi bitiruvchilariga O‘zbekiston Respublikasi va Rossiya Federatsiyasida tan olinadigan diplomlar beriladi.