Kompaniyaning kelib chiqishi

Ayni paytdagi mashhur “Nestlé” kompaniyasining asosi shveytsariyalik farmatsevt Genri (baʼzi manbalarda Anri) Nestlening tadqiqotlari bilan bogʻliq boʻlib, u bolalarni ovqatlantirish uchun ona suti oʻrnini bosuvchi vositani yaratishga harakat qilgan. Genri sut, bugʻdoy uni va shakaridan foydalanib, “Farine Lactee Henry Nestlé” — “Genri Nestlening Sut Uni"ni ishlab chiqara boshladi.

Ushbu mahsulotni ishlab chiqarish va sotish boʻyicha kompaniya 1867-yilda tashkil etilgan. Uning maqsadi ona sutiga ehtiyoji bor chaqaloqlar uchun ovqatlanishni tashkil etish edi, shu bilan u toʻyib ovqatlanmaslik sababli bolalar oʻlimi muammosini qisman hal qilishga harakat qildi.

Yangi mahsulotning birinchi isteʼmolchisi erta tugʻilgan chaqaloq boʻlib, uning tanasi na ona sutini va na uning oʻrnini bosuvchi moddalarni qabul qilar edi. Shifokorlar bolaga yordam berishga ojiz edilar. Bolaning hayoti yangi mahsulot tufayli saqlanib qolgandan soʻng, ushbu mahsulotni koʻpchilik tan oldi va bir necha yil ichida Yevropaning koʻplab mamlakatlarida shuhrat qozondi.


1886-yilda amerikalik Charlz va Jorj Peyj tomonidan tashkil etilgan Angliya-Shveysariya quyultirilgan sut kompaniyasi oʻz mahsulot turini kengaytirdi va 1870-yillarning oʻrtalarida ona suti oʻrnini bosuvchi mahsulotlarni ishlab chiqarishni boshladi. 1874- yilda Jyul Monnerga tegishli boʻlgan Nestlé, bunga javoban oʻzining quyultirilgan sut brendini ishlab chiqarishni boshladi. 1905-yilgacha yaʼni oʻzaro birlashgunga qadar ushbu kompaniyalar mazkur sohadagi asosiy raqobatchilar boʻlib qolishdi.

Genri Nestle oilaviy ramzi — qushlar uyasini savdo belgisi sifatida ishlatishga qaror qildi. Shveysariya nemis shevasida Nestle “kichik uya” degan maʼnoni anglatadi.

Jahon bozoriga chiqishdagi qiyinchiliklar

1905-yilda “Nestle and Anglo-Swiss Milk Company” deb nomlangan kompaniyani tashkil qilish uchun birlashish yuz berdi. XX asrning boshlarida kompaniya AQSH, Buyuk Britaniya, Germaniya va Ispaniyada fabrikalarga egalik qildi.

1907-yilda kompaniya Avstraliya bozorini zabt etishni boshlandi, bu uning ishlab chiqarish hajmini ikki baravar oshirdi. Shu bilan birga tez oʻsib borayotgan Osiyo bozorining ehtiyojlarini qondirish uchun Singapur va Gonkongda omborlar ochildi. Biroq asosiy ishlab chiqarish inshootlari hali ham Yevropada joylashgan boʻlib, Birinchi jahon urushi boshlanishi kompaniya faoliyatiga jiddiy zarba berdi. Xomashyo olish va tayyor mahsulotlarni tarqatish tobora qiyinlashib bordi.

Yevropa boʻylab yangi sut yetishmovchiligi fabrikalarni aholining ehtiyojlarini qondirish uchun deyarli barcha jihozlarini sotishga majbur qildi. Ammo qiyinchiliklarga qaramay, urush asosan hukumat buyrugʻi tufayli quyultirilgan sutga misli koʻrilmagan talabni yaratdi. Nestlé AQSHda bir nechta fabrikalarni sotib oldi. Urushning oxiriga kelib kompaniya 40 ta fabrikaga ega edi va ishlab chiqarish hajmi 1914-yilga nisbatan deyarli ikki baravarga oshdi.


Nescafeʼning dunyoga kelishi

Urushdan keyingi davr Nestlé uchun inqirozni keltirib chiqardi. Hukumat buyurtmalarni toʻxtatdi, urush paytida quyultirilgan sutga oʻrganib qolgan odamlar yangi sut paydo boʻlishi bilanoq yana oʻsha sutni olishni afzal koʻrishdi. 1921-yilda kompaniya yirik zarar koʻrdi. Tovar narxlarining koʻtarilishi, urushdan keyingi jahon iqtisodiyotidagi sustlik va valyuta kurslarining pasayishi vaziyatni yana-da ogʻirlashtirdi.

Nestlé rahbariyati ushbu holatga tezda munosabat bildirdi va shveytsariyalik bank mutaxassisi Luis Daplesni bilan kompaniyani qayta tashkil etishga kirishdi. U ishlab chiqarish va sotish darajasini sozlash, shuningdek, qarzdorlikni qisqartirish orqali kompaniyani stabil holatga qaytarishga muvaffaq boʻldi.

20-yillarda Nestlé birinchi marta oʻzining anʼanaviy prinsiplaridan voz kechdi. Shokolad ishlab chiqarish kompaniya uchun ikkinchi muhim faoliyatga aylandi. Kompaniyada bugʻdoyli sut, Milo eriydigan ichimligi, bolalar uchun maxsus ichimliklar ishlab chiqarila boshlandi. 1938-yilda eng katta yangilik — Nescafe ishlab chiqarila boshlandi. Ushbu aralashma butun dunyoda kofe isteʼmolini tubdan oʻzgartirib yubordi va tezda mashhurlikka erishdi.

Jahon urushining kompaniyaga foydasi

Ikkinchi jahon urushi boshlanishi Nestlé rejalariga salbiy taʼsir koʻrsatdi. Kompaniyaning foydasi 1938-yilda 20 million AQSH dollaridan 1939-yilda 6 million AQSH dollarigacha tushib ketdi. Neytral Shveysariya urushda Yevropadan yakkalanib qoldi va kompaniya xodimlarining muhim qismini Konnektikut shtatidagi Stamfordga koʻchirdi.


Ajablanarlisi shundaki, Ikkinchi jahon urushi kompaniyaning eng yangi mahsuloti Nescafeʼning rivojlanishini tezlashtirishga yordam berdi. Qoʻshma Shtatlar urushga kirgandan soʻng, Nescafe Yevropa va Osiyoda xizmat qiluvchi amerikalik askar va zobitlarning asosiy ichimliklariga aylandi. 1943-yilga kelib yillik ishlab chiqarish bir million qutiga etdi.

Birinchi jahon urushida boʻlgani kabi, urush iqtisodiyotida ishlab chiqarish va sotish darajasi sezilarli darajada oshdi: umumiy sotuvlar 1938-yildagi 100 million dollardan 1945-yilda 225 million dollarga koʻtarildi. Urush tugaguniga qadar Nestlé rahbarlari xalqaro kofe biznesida va Nestlé uchun anʼanaviy ishlab chiqarishning boshqa sohalarida yetakchi konsern egasiga aylanishdi.

Ishlab chiqarishning oʻsishi va assortimentining kengayishi

Urushdan keyingi yillar Nestlé tarixidagi eng dinamik bosqich boʻldi. Ushbu davrda kompaniyaning oʻsishi kompaniya tomonidan ishlab chiqarilayotgan oziq-ovqat mahsulotlari turlarining kengayishiga asos boʻldi. Alimentana S.A. Nestléʻga qoʻshildi. Yangi kompaniya nomi “Nestlé Alimentana Company"ga oʻzgartirildi. Buning ortidan birin-ketin 1950-yilda Britaniyaning konserva ishlab chiqaruvchisi boʻlgan “Crosse & Blackwell” kompaniyasi, 1963-yilda “Findus” (muzlatilgan oziq-ovqat), 1971-yilda “Libbi” (meva sharbatlari) va 1973-yilda “Stouffer” kompaniyalari ham sotib olindi.

Shu bilan birga oʻsha paytda Nescafeʼning mashhurligi oʻsishda davom etdi. 1950-yildan 1959-yilgacha kofe sotish qariyb uch baravar, 1960-yildan 1974-yilgacha esa toʻrt baravar oshdi. Ikkinchi jahon urushi tugaganidan soʻng 15 yil ichida kompaniyaning savdo hajmi toʻrt baravar oshdi. Yangi past haroratli quritish texnologiyasining rivojlanishi 1966-yilda yangi eriydigan kofe — Tasterʼs Choicepaydo boʻlishiga olib keldi.

Nestlé kecha va bugun

90-yillarning birinchi yarmi Nestlé uchun qulay davr boʻldi: savdo toʻsiqlari olib tashlandi va jahon bozorida integratsiya jarayonlari davom etdi. Markaziy va Sharqiy Yevropaning, shuningdek, Xitoyning ochilishi Nestléʼga oʻz mahsulotlarini sotishning yangi usullarini taqdim etdi.

Nestlé XX asrni “Ingliz-shveysar quyultirilgan sut kompaniyasi” mahsulot turlarini va geografik imkoniyatlarini kengaytirish bilan boshladi. Kompaniya yangi ming yillikka 70 mamlakatdagi 500 dan ortiq fabrikalari va 71 milliard Shveysariya frankidan iborat boʻlgan oziq-ovqat sanoatining ishonchli yetakchisi sifatida kirib keldi.


Kengayish jarayonlari San Pellegrino mineral suvini ishlab chiqarish boʻyicha Italiyaning konsernini sotib olish orqali davom etdi. Spillers Pet Foods sotib olinishi Nestléʼning Yevropada uy hayvonlari uchun oziq-ovqat bozoridagi mavqeyini mustahkamladi.

1999-yil sentyabr oyidagi “Nestlé” kompaniyasining yaqindagi AQSH kofe zavodlarini (Hill Bros, MJB, Chase & Sanborn) yopish toʻgʻrisidagi qaror kompaniyaga ishlab chiqarishni yuqori darajaga olib chiqib, Nescafé liniyasiga eʼtibor qaratish imkonini berdi.

Oʻzgaruvchan bozorda yetakchi mavqega ega boʻlish kompaniyadan yetarlicha moslashuvchan boʻlishni talab qiladi. Mavjud mahsulotlar turi toʻldirilmoqda va faoliyat geografiyasi kengaymoqda.

Va nihoyat Nestlé rahbariyati birinchi marta oziq-ovqat sanoatidan tashqariga chiqishga qaror qildi. 1974-yilda kompaniya kosmetika ishlab chiqarish boʻyicha dunyodagi eng yirik aksiyadorga aylandi (“LʼOreal” kompaniyasi). Kompaniyaning 2018-yildagi daromadi 91,43 milliard Shveysariya frankiga teng boʻldi.