Toshkent viloyati Boʻstonliq tumanidagi “Chorvoq oromgohi” (Piramida) dam olish maskanini 8 ta alohida lotlarga boʻlgan holda ommaviy savdolarga chiqariladigan boʻldi. Bu haqda Davlat aktivlarini boshqarish agentligi xabar bermoqda.
Davlat aktivlarini sotish ikki bosqichda oʻtkaziladi:
- birinchi bosqichda — talabgorlar oldindan saralanadi, jumladan, savdolarda qatnashish uchun talab qilingan hujjatlarning toʻliqligi, zakalat puli kelib tushganligi, davlat aktivlaridan kelgusida foydalanish yoʻnalishlariga qoʻyilgan talabga nisbatan talabgor tomonidan taklif etilgan biznes konsepsiyasi loyihasining maqbul yoki maqbul emasligi koʻrib chiqiladi;
- ikkinchi bosqichda — talabgorning tijorat takliflari (sotib olish narxi va toʻlovni amalga oshirish muddati) hamda toʻlov qobiliyati baholanadi.
Talabgorlar tomonidan bir yoki bir nechta lotlar boʻyicha takliflar taqdim etilishi mumkin. Bunda, har bir lot boʻyicha takliflar alohida-alohida beriladi.
Davlat aktivlaridan kelgusida mehmonxona yoki boshqa turizm infratuzilmasi obyektini barpo etish talabi qoʻyiladi.
Savdolarda qatnashish istagidagilar batafsil maʼlumotni ushbu manzildan olishlari mumkin.