2020-yil avgust oyida Google yer silkinishidan ogohlantiruvchi funksiyani taqdim etgandi. Dastlab Kaliforniyada sinovdan oʻtkazilgan dastur, Yangi Zelandiya va Gretsiyada ham foydalanila boshlandi.

Bugun kompaniya yana yetti mamlakatda, jumladan, Oʻzbekistonda ham funksiyadan foydalanish mumkinligi haqida xabar berdi. Kelajakda u butun dunyoda mavjud boʻladi.

Bu qanday funksiya va u nima uchun kerak

Tabiiy ofat yoki favqulodda vaziyat yuzaga kelganda, har bir soniya muhim ahamiyatga ega. Masalan, zilzilalar boʻlgan taqdirda, tadqiqotlar shuni koʻrsatadiki, agar odamlar ertaroq ogohlantirilsalar va xavfsiz zonalarga qochish uchun vaqtga ega boʻlsalar, jarohatlarning 50% dan koʻprogʻining oldini olish mumkin ekan.

Oʻtgan yili Google Android qurilmalariga oʻrnatilgan texnologiya asosida dunyodagi eng yirik zilzilani aniqlash tarmogʻini ishga tushirishni boshladi.

Barcha smartfonlar zilzilani koʻrsatuvchi signallarni aniqlay oladigan kichik akselerometrlar bilan jihozlangan. Agar telefon zilzilaga oʻxshagan narsani aniqlasa, u kompaniya serveriga silkinishlar sodir boʻlgan joyning taxminiy joylashuvi bilan signal yuboradi.

Server zilzila haqiqatan ham sodir boʻladimi-yoʻqligini aniqlash uchun koʻplab telefonlarning maʼlumotlarini birlashtiradi va agar kerak boʻlsa, mintaqadagi barcha foydalanuvchilarga ogohlantirishlar yuboradi.

Uni qanday yoqish yoki oʻchirish kerak

Settings > Location > Advanced > Earthquake Alerts boʻlimiga oʻtishingiz kerak. Albatta smartfoningiz soʻnggi yangilanishni yuklagan boʻlishi kerak. Ushbu ogohlantirishlarni olishni istamagan foydalanuvchilar oʻzlarining qurilmalari sozlamalarida uni oʻchirib qoʻyishlari mumkin.