2021-yil yakuniga qadar respublikada umumiy quvvati 1 800 megavatt boʻlgan 10 ta elektr stansiya (issiqlik va quyosh elektr stansiyalari) ishga tushiriladi.
Qayd etilishicha, ayni paytda Toshkent, Buxoro, Xorazm, Navoiy, Samarqand, Qashqadaryo va Surxondaryo viloyatlarida elektr stansiyalari qurilmoqda.
Ular ishga tushgach, Oʻzbekiston energetika tizimining umumiy quvvati 16 ming megavattga yaqinlashadi va 2016-yilga nisbatan 52% ga oshadi.
2025-yilgacha esa bu koʻrsatkich 25 600 megavattgacha, 2030-yilga qadar 29 200 megavattgacha oshirilishi rejalashtirilgan. Yaʼni 10 yil davomida umumiy quvvatni qariyb ikki barobarga oshirish koʻzda tutilgan.
Hozirda Oʻzbekiston energetika tizimining mavjud ishlab chiqarish quvvati 14 131 megavattni tashkil qilmoqda. 2000-yilda bu koʻrsatkich 7 750 megavatt, 2016-yilda 10 830 megavatt edi. Yaʼni 16 yil ichida deyarli 3 ming megavatt qoʻshilgan boʻlsa, xuddi shuncha hajmdagi quvvat soʻnggi uch yilda qoʻshilishiga erishilgan.