Kecha O‘zbekiston Bosh vazirining o‘rinbosari — investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Sardor Umurzoqov Tatariston Prezidenti Rustam Minnixanov va Rossiya elchisi Oleg Malginov bilan uchrashdi. Bu haqda texnopark matbuot xizmati xabar beradi.
Muloqotda Toshkent viloyatida “Ximgrad” sanoat parki tashkil etilishiga to‘xtalib o‘tildi. Tomonlar ushbu tashabbusning amaliy jihatlarini ko‘rib chiqib, park hududida qo‘shma loyihalarni amalga oshirishga Tatariston va Toshkent viloyatining yetakchi ishlab chiqarish kompaniyalari orasidan bo‘lajak rezidentlarni jalb etishda hamkorlik qilishga kelishib oldi.
“Biz bir nechta masalalarni ko’rib chiqmoqdamiz, birinchi navbatda bu bizning investorlarimizni ushbu maydonga jalb qilish orqali „Ximgrad“ filialini yaratishdir. Biz qishloq xo’jaligi bo’yicha qo’shma loyihani yaratishni o’rganmoqdamiz. Loyihalarimiz „Kamaz“ bilan birgalikda amalga oshiriladi deb o’ylayman” , — dedi Tatariston Prezidenti.
Jurnalistlarga bergan intervyusida respublika rahbari Tataristonda ushbu texnoparkda o’z biznesini rivojlantirishga tayyor bo’lgan tadbirkorlar borligiga aniqlik kiritdi.
“Biz menejerlarni, texnologiyalarni yuboramiz. O’z navbatida, Toshkent viloyati zarur infratuzilmani ta’minlashda ko’mak beradi”, — deya tushuntirdi Minnixonov.
Ma’lumot uchun: “Ximgrad” texnopolisi Tataristonning Qozon shahrida joylashgan bo’lib, kichik va o’rta biznes vakillarining korxonalarini bir joyda to’plashga yordam beradi.