Aholi uchun qurilayotgan uylarning dislokatsiyasi, narxi hamda ipoteka krediti olish mumkin boʻlgan banklar va kredit shartlari haqidagi maʼlumotlar jamlangan veb-portallar yaratildi. Bu AOKAda Qurilish vazirligi mutasaddilari ishtirokida oʻtkazilayotgan matbuot anjumanida maʼlum qilingan.
Unda aytilishicha, uy-joylar loyihalari, ularni dislokatsiyasi (joylashuvi), soni, ishlatiladigan qurilish materiallari, narx-navo shakllanishi, koʻp kvartirali uy-joylar qurilishi narxi va boshqa maʼlumotlarni oʻz ichiga olgan uy-joy.mc.uz veb-portali yaratildi.
Shuningdek, ipoteka kreditlarini berish va subsidiyalar ajratish tartibi, uy-joylar qurilishini amalga oshiruvchi tadbirkorlik subyektlari, ular tomonidan qurilayotgan koʻp kvartirali uy-joylar, ulardagi kvartiralar soni, maydoni, qiymati va joylashuvi, kredit olish mumkin boʻlgan tijorat banklari va ular tomonidan beriladigan kreditlar shartlari toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni taqdim etuvchi ipoteka-bozori.uz veb-portali ishga tushirildi.