Savdo-sanoat palatasining navbatdagi qurultoyida adliya vaziri Ruslan Davletov ishtirok etib, Tadbirkorlik kodeksi, tadbirkorlikka oid qonunchilikdagi muammolar tahlili va ularning yechimlari toʻgʻrisida nutq soʻzladi.
Adliya vazirligining xabarlariga koʻra, vaziri Ruslan Davletov Savdo-sanoat palatasining qurultoyida ishtirok etib, Tadbirkorlik kodeksi, tadbirkorlikka oid qonunchilikdagi muammolar tahlili va ularning yechimlari toʻgʻrisida toʻxtalib oʻtgan.
Bildirilishicha, Adliya vazirligi tomonidan tadbirkorlar uchun yagona huquqiy manba hisoblanmish Tadbirkorlik kodeksi loyihasi ishlab chiqilmoqda. Loyiha aqlli tartibga solish (smart regulation) konsepsiyasiga muvofiq qonun ijodkorligi zamonaviy uslublaridan hisoblangan “One in two out”, BPR tamoyillari asosida ishlab chiqilmoqda.
Kodeks nima uchun kerak?
Birinchidan, hozirda tadbirkorlik faoliyatini tartibga soluvchi qonunchilik hujjatlari tarqoq holda va nihoyatda koʻp miqdorda qabul qilingan. Xususan, tadbirkorlik faoliyati bilan bogʻliq 5000 ga yaqin normativ-huquqiy hujjatlar mavjud.
Hujjatlarning nihoyatda koʻpligi ular oʻrtasida kolliziyalarni keltirib chiqarishi mumkin, zarur boʻlgan qonunchilik hujjatini topish hamda amalda qoʻllashda qiyinchiliklarni keltirib chiqarishi tabiiy, bu esa tadbirkorlik subʼyektlari asosli eʼtirozlariga sabab boʻladi.
“Tadbirkor ishlashi, gʻoyalarini roʻyobga chiqarishi kerak, u faqat hujjat, katta byurokratiya ichida koʻmilib ketsa, ishini kim qiladi? Shuning uchun unga qoʻlida bitta kompakt, tushunarli huquqiy meʼyorlar toʻplam zarur. Masalan, Yaponiyada tadbirkorning qoʻlida bittagina Savdo kodeksi boʻladi, u faqat shunga koʻra oʻz ishini olib boradi”, — degan vazir.
Ikkinchidan, sohani huquqiy tartibga solishda zamonaviy tendensiyalardan kelib chiqib boʻshliqlarni bartaraf etish zaruriyati mavjud, yangi ijtimoiy munosabatlarni huquqiy jihatdan toʻliq tartibga solish masalasi turibdi. Masalan, “oʻrta biznes” mezonlari, innovatsion tadbirkorlik va elektron tijoratning kirib kelishi (startap-korxonalar, innovatsion klasterlar, texnologik parklar va b.).
Taʼkidlanishicha, Tadbirkorlik kodeksi qabul qilinishi tarqoq holda hamda turli kolliziyalar mavjud boʻlgan qonunchilik hujjatlarini yagona hujjatga birlashtirish, tadbirkorlik sohasidagi qonunchilik hujjatlarini barqarorlashtirish, davlatning tadbirkorlik sohasiga aralashuvini kamaytirish, shuningdek, tadbirkorlik huquqi sohasida yagona yondashuvni belgilashga xizmat qiladi.
Loyiha sentyabr-oktyabr oylarida jamoatchilik muhokamasiga taqdim etilishi aytildi.