Xalqaro moliya korporatsiyasi (XMK) va O‘zbekiston hukumati o’rtasida yangi hamkorlik shartnomasi imzolandi. Bundan ko’zlangan asosiy maqsad — kimyo sanoati va o’g’it ishlab chiqarish sohasini rivojlantirish va yangi raqobatbardosh mahsulotlarni yaratishda ko’mak berishdir. Bu haqda Moliya vazirligi Axborot xizmati xabar beradi.
“O‘zbekiston hukumati kimyo va o‘g‘it ishlab chiqarish sohalarini transformatsiya qilishga qaratilgan islohotlarni boshladi. Islohotlarning maqsadi kimyoviy mahsulotlarni va o‘g‘itlarni ishlab chiqaruvchi va tarqatuvchi eskirgan tizimini modernizatsiya qilish, investitsiyalarni rag‘batlantirish va raqobatbardosh sanoatni yaratish. Bu o‘z navbatida yangi yuqori malakali ish o‘rinlari bilan ta’minlashga va O‘zbekiston sanoatining uglerod izini kamaytirishga xizmat qiladi”, — dedi O‘zbekiston Moliya vaziri Timur Ishmetov.
O‘zbekistonning afzalligi shundaki, u o‘zining xom ashyosidan foydalanib, turli xil o‘g‘itlar, sanoat va iste’mol tovarlarini ishlab chiqara oladigan davlatdir. Ammo, davlat nazoratida bo‘lgan sohalar, asosan, sarmoyalar yetishmasligidan aziyat chekmoqda, samarasiz bo‘lib qolmoqda va ortiqcha resurslarni iste’mol qilmoqda.
Mazkur loyiha esa zarur bozor islohotlari orqali sohadagi samarasizliklarni bartaraf etish, davlat ishtirokini kamaytirish va xususiy investorlar uchun teng sharoit yaratishga qaratilgan.
2021-yil 1-may holatiga ko‘ra XMKning O‘zbekistondagi investitsiya portfeli $160 mlnni tashkil etdi. XMKning maslahat dasturlari O‘zbekiston hukumatiga davlat banklarini xususiylashtirishga tayyorgarlik ko‘rish, moliya bozorini rivojlantirish va diversifikatsiya qilish, paxtachilik sektorini transformatsiya qilish, kimyo sanoatini rivojlantirish va energetika va sog‘liqni saqlash sohalarida davlat-xususiy sheriklik (DXSh) aloqalarini sinovdan o‘tkazishda yordam berishga qaratilgan.