2020-yilning yanvar oyidan 2021-yilning apreligacha boʻlgan davrda davlat xaridlari portalida 5 330 ta byudjet va 1 347 ta korporativ buyurtmachilar tomonidan 131 759 ta auksion savdolari oʻtkazilib, shartnomalarning umumiy qiymati 3,9 trln. soʻmni tashkil etgan. Bu borada Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi oʻrganish olib borgan.
Byudjet buyurtmachilari eʼlon qilgan auksion savdolariga oʻrtacha 5 ta yetkazib beruvchi (korporativ buyurtmachilarda 4 ta) ishtirok etgan va 13 ta narx taklifi (korporativ auksionlarda 10 ta) berilgan. Quyidagi tovar guruhlarida eng yuqori narx pasayishi kuzatildi:
- kanselyariya buyumlari — 38%,
- kiyim, poyabzal va koʻrpa-toʻshak anjomlari — 38%,
- sport anjomlari va jihozlari — 34%,
- ovoz yozish texnikasi va jihozlari — 32%,
- musiqa asboblari — 32%.
Shuningdek, oʻrganish davomida indeks qiymatlarini umumlashtirib, 10 dan ortiq auksion savdolarini eʼlon qilgan 1596 ta byudjet va 617 ta korporativ buyurtmachilar samaradorlik reytingi tuzildi.
Xususan, shartnomalarni bekor qilish darajasi “Agrobank ATB Termiz filiali"da — 100%, “Toshrangmetzavodtools” MChJ — 94%, Toshkent shahar kichik sanoat zonalarini direksiyasi boshqaruv direksiyasida — 74% va Buxoro viloyati “Issiqlik manbai” AJ — 68% ni tashkil etgan.
Respublika darajasidagi buyurtmachilar orasida Yoshlar ishlari Agentligi (1387-oʻrin), Innovatsion rivojlanish vazirligi (1496-oʻrin), Oʻzbekiston Respublikasi Energetika vazirligi huzuridagi Yadro energetikasini rivojlantirish agentligi (1541-oʻrin), Davlat test markazi (1543-oʻrin), A. Navoiy nomidagi Oʻzbekiston Milliy kutubxonasi (1560-oʻrin) reytingning pastki qismidan joy egalladi.
Respublika darajasidagi buyurtmachilarning 61% ning samaradorligi pastligi aniqlangan boʻlsa, viloyat va tuman/shahar darajasidagi buyurtmachilar uchun bu raqam mos ravishda 52% va 45% ni tashkil etdi.
Eng past samaradorlik esa arxiv (1,62), bandlik va mehnat munosabatlari (1,73), energetika (1,85), iqtisodiyot va moliya (1,9) sohalarida kuzatildi.