Joriy yilning 12-iyun kuni UzAuto Motors-ning Asaka zavodiga yetkazilgan yukda poʻlat listlarning yetishmovchiligi aniqlandi.
Kompaniya matbuot xizmatining aytishicha, Rossiyaga tegishli “Severstal” kompaniyasining yuk vagonlari zavodga kirish paytida koʻrikdan oʻtkazilgan va vagondagi yuklardan birining qadogʻi buzilgani maʼlum boʻlgan.
Mazkur holat yuzasidan oʻtkazilgan xizmat tekshiruvi natijasiga koʻra, vagonga ortilgan poʻlat listlarning bir qismi kompaniyaga yetib kelgunga qadar, nomaʼlum shaxslar tomonidan oʻgʻirlangani aniqlangan.
“Ushbu talon-toroj qilingan poʻlat listlar meʼyor sarfiga muvofiq, 2030 ta Nexia-3, 871 ta Gentra yoki 970 ta Labo avtomashinalari kuzov qismlarini ishlab chiqarish uchun ishlatilgan boʻlardi”, — deyiladi maʼlumotda.
Hodisa yuzasidan oʻtkazilgan xizmat tekshiruvi natijasida toʻplangan barcha materiallar aybdor shaxslarni aniqlash uchun hamda yuklar tashilishida ularning xavfsizligi va samarali qoʻriqlanishiga masʼul boʻlgan IIVning transportda xavfsizlikni taʼminlash boʻlinmalari xodimlarining xizmat vazifalarini qonuniy bajarganligiga huquqiy baho berish uchun Transport prokuraturasiga yuborilgan.
Avvalroq Spot, “АвтоВАЗ” yetishmovchilik sabab mashinalarni radio qurilmalarisiz ishlab chiqarayotganligi haqida xabar bergan edi.