Oliy Majlis Senatining o‘n oltinchi yalpi majlisida “2021 yil uchun O‘zbekiston Respublikasining Davlat byudjeti to‘g‘risida"gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga o‘zgartishlar kiritish haqida"gi Qonun ko‘rib chiqildi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti qarorlarida belgilangan vazifalar ijrosini taʼminlash uchun Davlat byudjeti xarajatlarining 13,1 trln so‘mga oshirilishi nazarda tutilmoqda.

Bunda, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 3-fevraldagi 6155-sonli Farmoniga binoan:

  • turizm obyektlari atrofidagi yer maydonlari, suv va yo‘l infratuzilmalarini yaxshilash uchun 410 mlrd so‘m;
  • erkin iqtisodiy zonalar va kichik sanoat zonalarini zarur infratuzilmalar bilan taʼminlashga 350 mlrd so‘m;
  • Endokrin kasalliklarni erta aniqlash va davolash hamda muassasalarining moddiy-texnika bazasini mustahkamlashga 124,2 mlrd so‘m;
  • “El-yurt umidi” jamg‘armasiga nufuzli xorijiy oliygohlarda o‘qishga yuboriladigan yoshlar sonini 5 barobarga (82 tadan 350 taga) oshirish uchun 80 mlrd so‘m.

2021−2022 o‘quv yilidan oliy taʼlim muassasalariga davlat grantida qabul ko‘rsatkichlarini 25 foizga oshirish, ehtiyojmand oilalar qizlariga grantlarni 2 barobarga ko‘paytirib, 2 mingtaga yetkazish uchun 64,4 mlrd so‘m qo‘shimcha mablag‘ ajratilishi nazarda tutilgan.

Shuningdek, mahallalarda ishsiz yoshlar va xotin-qizlarni daromadli mehnat bilan band qilish, ularning o‘z biznesini tashkil etishiga ko‘maklashish tadbirlarini davom ettirish maqsadida qabul qilingan Prezident qarori (2021-yil 27-martdagi 5041-son) ijrosini taʼminlashda:

  • oilaviy tadbirkorlik loyihalarini moliyalashtirish uchun vakolatli banklar ustav kapitalini 1,3 trln so‘mga oshirish;
  • oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturlarini moliyalashtirishga qo‘shimcha 1,5 trln so‘m mablag‘ ajratilishi nazarda tutilgan.

Shu bilan birga, Qonun bilan Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasining xarajatlari uchun 6,4 trln so‘m (13,4 dan 19,8 trln so‘mga) yo‘naltirilmoqda.

Ushbu mablag‘lardan:

a) respublika byudjetiga ichki yo‘l va ichimlik suvi taʼminoti (3,2 trln so‘m) va oilaviy tadbirkorlik (1,5 trln so‘m) dasturlari hamda boshqa ijtimoiy soha obyektlarini (1,1 trln so‘m) barpo etish uchun 5,8 trln so‘m;

b) oilaviy tadbirkorlik dasturi doirasida limonchilik loyihalarini moliyalashtirish maqsadida “Turon bank"ning ustav kapitalini oshirish uchun 100 mlrd so‘m;

v) charmdan tayyor mahsulotlar, charm-attorlik, shuningdek, mo‘yna va jundan yuqori qo‘shilgan qiymatli mahsulotlar ishlab chiqarish loyihalari uchun kredit liniyalarini moliyalashtirishga 550 mlrd so‘m ajratish nazarda tutilmoqda.

Qonun senatorlar tomonidan maʼqullandi.