Hamkorbank Urganchdagi sut mahsulotlarini ishlab chiqaruvchi “Tillo Domor” kompaniyasiga €500 minggacha kredit ajratmoqda. Bu haqda YeTTB matbuot xizmati Spotga maʼlum qilgan.

Mazkur kredit mablagʻlari uchun riskning 65% qismi Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki risklarni taqsimlash mexanizmi zimmasiga olingan. Ushbu kelishuv tufayli bu bankining risklarni taqsimlash asosidagi mahsulotlar orqali risklari 2019-yildan beri jami €1,5 millionni tashkil qildi.

Ushbu kredit YeTTBning Iqlim oʻzgarishi boʻyicha moliyalashtirish va texnologiyalarni moslashtirish markazi (FINTECC) dasturi tomonidan qoʻllab-quvvatlanadi.

$106 200 miqdoridagi grant orqali yiliga suv isteʼmolini 6500 m3 ga kamaytirish, shuningdek, tabiiy gazni tejash hisobiga yiliga 368 tonna karbonat angidrid chiqindilarini kamaytirish maqsad qilingan.

Maʼlumot uchun, bugungi kunga qadar YeTTB Oʻzbekiston iqtisodiyotiga 92 ta loyiha doirasida €2 milliarddan ortiq sarmoya kiritdi.