Uzreport TV mualliflik huquqlarini himoya qilib, “Beeline"ni sudga berganligi haqida yozgan edik. Mazkur masala yuzasidan daʼvo arizasi Toshkent tumanlararo iqtisodiy sudida koʻrib chiqildi va telekanalning daʼvosini toʻliq qondirish toʻgʻrisidagi qaror qabul qilindi.

Sud qaroriga binoan, javobgar “Unitel” MChJ Uzreport TV va Futbol TVni “Beeline TV” mobil dasturidan oʻchirib tashlashi va keyinchalik Uzreport MChJ bilan kelishuvisiz ushbu kanallarni translatsiya qilmasligi shartligi belgilandi.

“Uzreport hozirda „Beeline“ va „Oʻzbekiston Kabel Televideniyasi“ MChJga qarshi noqonuniy harakatlari sabab maʼnaviy va moddiy zararni qoplash uchun, joriy sudda aniqlangan dalillarga asoslanib yangi daʼvo arizasini tayyorlamoqda”, — dedi telekanal bosh muharriri oʻrinbosari Alisher Azimov.

Oʻz navbatida “Beeline” kompaniyasi vaziyat yuzasidan rasmiy bayonot berib, oʻtkazilgan sud qaroridan noroziligini bildirdi.

Biz “UzReport TV” MChJ AA-ning daʼvo arizasi nomuvofiq javobgarga eʼlon qilingan deb hisoblaymiz. “Unitel” MChJ keyingi harakatlar uchun Oʻzbekiston Respublikasining “Telekommunikatsiyalar toʻgʻrisida"gi qonunining bajarilishini nazorat qiluvchi davlat idoralari bilan barcha kerakli konsultatsiyalarni oʻtkazadi”, — deyilgan xabarda.

Kompaniya oʻz xatti-harakatlarini litsenziyalangan shartnomaga muvofiq, “Oʻzbekiston Kabel Televideniyesi” MChJ tomonidan taqdim etilgan telekanallar toʻplamiga Uzreport TV va Futbol TV telekanallari ham kirgani taʼkidlagan.