Omonat — mijozning maʼlum bir shartlar asosida bankka qoʻygan pul mablagʻlari. Omonatga pul mablagʻlarini kirim qilish miqdori, ularni saqlash muddati va maqsadi omonatning turi shartlaridan kelib chiqqan holda belgilanadi. Boshqacha qilib aytganda, bu pul mablagʻlarini bankka maʼlum bir muddatga foizlarga yoki foizsiz joylashtirish.

Oʻzbekistonda omonatlarning eng keng tarqalgan turlari quyidagilardir:

  • talab qilib olinguncha omonatlar. Ularda pul mablagʻlari uchun qatʼiy bir cheklangan muddat mavjud emas va omonatchi istalgan vaqtda oʻz mablagʻlarini olishi mumkin. Amaliyotda, talab qilib olinguncha omonatlarning foiz stavkalari boshqa omonat turlarining foiz stavkalariga qaraganda pastroq yoki boʻlmasa foizsiz boʻladi.
  • muddatli omonat (maʼlum bir muddat uchun omonatlar — 3, 6, 9 oylik, yillik yoki undan koʻp). Bunday holda, omonat summasi bank va Siz oʻrtangizda tuzilgan shartnomada koʻrsatilgan muddat tugagandan soʻng qaytariladi. Hisoblangan foizlar omonat muddati davrida (har oyda, har chorakda va h.k.) yoki muddat tugagandan soʻng ham toʻlanishi mumkin;
  • jamgʻarma omonatlar — ushbu omonat turining oʻziga xos tomoni pul mablagʻlarini maʼlum maqsad uchun (oʻqish, mashina, kvartira sotib olish va h.k.) toʻplash va sarflashdir. Omonat maʼlum bir muddatga (odatda uzoq muddatga) qoʻyiladi va uni toʻldirish imkoniyati mavjud boʻladi, bu esa hamma omonat turlarida ham mavjud emas.

Moliyaviy aktiv sifatida omonatning afzalliklari

Muddatli va jamgʻarma omonatlar — nafaqat tejash, balki jamgʻarmalarni koʻpaytirishning ishonchli usulidir. Siz bankka maʼlum miqdordagi pulni topshirasiz, bank esa Sizga mablagʻlar saqlangan muddati uchun foizlar toʻlaydi.

Masalan, agar yillik 14% inflyatsiya darajasi holatida mablagʻlaringizni yillik 18% stavkasida bank omonatiga qoʻysangiz, Siz oʻz pul mablagʻlaringizni nafaqat inflyatsiyadan himoyalaysiz, balki 4% daromad olasiz. Yana bir muhim omil — bu omonatlarning davlat kafolati ostida himoyalanishi.

Omonat boʻyicha foizlar nima degani

Bu bank tomonidan Sizning mablagʻlaringiz ishlatilganligi uchun toʻlanadigan pul miqdori. Hisob kitoblarni soddalashtirish uchun yillik foiz stavkasi tushunchasi qoʻllaniladi, yaʼni bank yil davomida omonatchining pulidan foydalanganligi uchun unga berishi lozim boʻlgan foyda. Omonatingizning miqdori va oydagi kunlar soniga qarab hisoblanadigan foizlar oʻzgaradi.

Oʻz navbatida foiz stavkalarning quyidagi turlari mavjud:

Oddiy foizlar — bu omonat miqdoriga asoslangan foizlar. Misol uchun, Siz 2 yillik muddatga yillik 18% stavkasida oddiy foizlarda hisoblash sharti bilan 1 mln soʻm miqdorda omonat ochdingiz:

Bir yildan soʻng Sizda 1 180 000 soʻm pul boʻladi. Omonat muddati tugaganda jami mablagʻ 1 360 000 soʻmni tashkil etadi, yaʼni foizlar faqat 1 mln soʻm uchun hisoblanadi.

Omonat boʻyicha foizlar (daromad) quyidagi formula asosida hisoblanadi:

(omonat summasi / 100%) * foiz stavkasi * omonat muddati (oylar soni)/12.

Murakkab foiz stavkasi (kapitalizatsiya) — bunda foizlarni kapitalizatsiya qilish belgilangan davrlarda (oylik, choraklik, yillik) hisoblangan foizlarni omonatning asosiy summasiga qoʻshish demakdir. Misol uchun, Siz 2 yillik muddatga yillik 18% stavkasida murakkab foizlarda (yillik kapitalizatsiya) hisoblash sharti bilan 1 mln soʻm miqdorda omonat ochdingiz:

Bir yildan soʻng Sizda 1 180 000 soʻm pul boʻladi. Ikkinchi yil tugashi bilan Siz 1 392 400 soʻmni olasiz, chunki ikkinchi yilda 18% boshlangʻich 1 mln soʻm uchun emas, balki 1 180 000 soʻmga nisbatan qoʻllaniladi.

Omonat boʻyicha foizlar (daromad) quyidagi formula asosida hisoblanadi:

Omonat summasi * (1+omonat boʻyicha foiz stavkasi/100%) Omonat muddati (oylar soni)/12-omonat miqdori.

Bankning rasmiy veb-sayti yoki mobil ilovasidagi Depozit kalkulyatoridan foydalanib, shuningdek bank xodimiga murojaat qilib, omonatning miqdori, muddati va foizlarni hisoblash usuliga qarab undan keladigan taxminiy foydani aniqlash mumkin.

Omonatni faqat uning egasi boshqarishi mumkin. Siz oʻz omonatingizni tasarruf etish huquqini shartnomada koʻrsatilgan uchinchi shaxsga berishingiz mumkin. Bunday ishonchnoma notariusda rasmiylashtiriladi.

Oʻzbekistondagi banklar omonat boʻyicha turli shartlar taklif qiladi. Mijoz oʻzining xohish-irodasidan kelib chiqib, oʻziga toʻgʻri kelgan bank va omonat turini tanlashi mumkin. Bu borada bank veb-saytlari orqali maʼlumotlar olsa boʻladi.


Mazkur maqola Markaziy bankning finlit.uz sayti maʼlumotlari asosida tayyorlandi.