Intellektual mulk agentligining xabar berishicha, oʻzgalar tovar belgisidan ruxsatsiz foydalanib, ham xaridorga ham asl mahsulot egasiga zarar keltirayotgan holat aniqlagan.
Fuqaro L.Ye. unga tegishli boʻlgan “Империя праздника” xizmat koʻrsatish belgisidan Instagram, Telegram va Facebook ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarda huquq egasining roziligi olinmasdan, daromad koʻrish maqsadida foydalanib, koʻngilochar tadbirlar oʻtkazib kelinayotgani va unga huquqiy chora koʻrish haqida murojaat qilgan.
Murojaatga binoan Intellektual mulk huquqlari sohasida monitoring boʻlimi tomonidan oʻrganish ishlari olib borilgan hamda huquqbuzarga nisbatan maʼmuriy bayonnoma rasmiylashtirilgan.
Jinoyat ishlari boʻyicha sud tomonidan huquqbuzarga oʻzganing tovar belgisidan, xizmat koʻrsatish belgisidan, tovar kelib chiqqan joy nomidan qonunga xilof ravishda foydalanganlik uchun Oʻzbekiston Respublikasi Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeks 177-moddasi 1-qismi bilan jarima jazosi belgilandi.
Avvalroq Spot, “Сода пищевая” tovar belgisidan noqonuniy foydalangan tadbirkorga jarima belgilanligi haqida xabar bergan edi.