Shavkat Mirziyoyev raisligida davlat aktivlarini xususiylashtirishga bagʻishlangan videoselektor yigʻilishi boʻlib oʻtdi, bu haqda davlat rahbarining matbuot xizmati xabar qildi.
Xususiylashtirish nafaqat byudjet daromadlarini taʼminlabgina qolmay, balki yangi investitsiya loyihalari uchun asos boʻlib xizmat qiladigan iqtisodiy islohotlarning muhim yoʻnalishlaridan biridir.
Joriy yilning birinchi yarmida 478 ta davlat mulki obyekti 1,1 trln soʻmga sotilgan.
Biroq sotish uchun belgilangan 556 obyektdan 288 tasi hali kim oshdi savdosiga qoʻyilmagan. Davlat ishtirokidagi korxonalar va banklar ixtiyoridagi, ularning asosiy faoliyatiga tegishli boʻlmagan 511 ta obyekt hali sotilmagan.
Taʼkidlanishicha, bu yil 900 dan ortiq davlat mulki obyektlari sotuvga qoʻyiladi.
Davlat mulkini 1 soʻmlik boshlangʻich narxda sotish, investitsiya majburiyati bilan yer uchastkalarini sotish amaliyoti bekor qilinadi, obyektlar bozor narxlarida elektron kim oshdi savdosiga qoʻyiladi.
Onlayn kim oshdi savdosida qatnashish uchun toʻlov bekor qilinadi va tadbirkorlarning xarajatlari Davlat aktivlarini boshqarish agentligi tomonidan qoplanadi. Auksionda mulk sotib olayotganda, toʻlov muddati 15 kungacha uzaytiriladi.
Davlat ulushi 50% dan ortiq boʻlgan binolar va transport vositalari faqat elektron kim oshdi savdosi orqali sotiladi va ijaraga beriladi.
Shuningdek, yigʻilishda viloyatlar, tumanlar va shaharlar hokimlariga bir oy ichida oʻz tasarrufidagi 154 boʻsh obyektni sotuvga qoʻyish vazifasi topshirildi.