Davlat aktivlarini boshqarish agentligi direktori Akmalxon Ortiqovning taʼkidlashicha, oʻtgan 6 oy davomida 500 ga yaqin 1,1 trln soʻmlik davlat aktivlari xususiylashtirilgan.
“Buni solishtirib koʻradigan boʻlsak, soʻnggi 4 yilda 3 mingga yaqin obyektlar 1,6 trln soʻmga xususiylashtirilgan. Yaʼni, 4 yilda qilinadigan ishni hozir 6−7 oyda bajardik. Davlat byudjetiga qoʻshimcha daromad tushirish asosida yana 6 trln soʻm xususiylashtirish vazifasi berildi”, — deydi Ortiqov.
Shuningdek, davlat rahbarining farmoni bilan 29 ta yirik davlat aktivi, jumladan, “Qizil suv sport sogʻlomlashtirish” MChJ, “Beldirsoy”, “Chorvoq”, “Sijjak” dam olish maskanlari, “Ichan qalʼa” mehmonxona majmuasi, “Poytaxt” biznes majmuasi va boshqa davlat aktivlarini sotish koʻzda tutilgan.
Maʼlum boʻlishicha, “Coca-cola ichimligi” korxonasi, “Oʻzagroeksportbank” va “Poytaxt bank” tijorat banklari, “Fargʻona neftni qayta ishlash zavodi”, “Kvars”, “Trest-12” korxonalari va “Kafolat” sugʻurta kompaniyasining davlat ulushini sotish boʻyicha ishlar olib borilmoqda.
Avvalroq Spot, Chorvoq hududidagi ayrim yer uchastkalarining auksionga qoʻyilganligi va ularning narxi haqida ma’lumot bergan edi.