Asaxiy.uz onlayn-internet doʻkoni asoschilaridan biri Firuz Allayev Buxoro viloyatidagi filiallari yopilishi va u kelajakda u yerda boshqa loyihalarni amalga oshirmaslikka qaror qilgani haqida maʼlum qildi.

Tadbirkor barcha voqealar oʻtgan yili aprelda, karantinda, boshlanganligi aytdi. Unga koʻra, hamma uyda qamalib qolganda transport muammolariga qaramasdan, internet-doʻkonlar faoliyat yuritgan. Oʻsha vaqtda xodimlarini masofadan ishlashga oʻtkazgani uchun rasmiy tashkilotlardan biri 200 dona planshet soʻrab, murojaat qilgan.

“Planshetlarga nisbatan talab oshib ketgan, 200 dona planshet topish imkoniyati deyarli yoʻq edi. Shunda biz internet orqali bir planshet sotadigan insonni topdik. U bizga 200 dona planshetni pul oʻtkazish yoʻli bilan sotishga rozi boʻldi. Undan firmaning maʼlumotlarini olib, soliq saytidan tekshirdik. Firma bazada „yashil“ turibdi, QQS toʻlovchisi sifatida roʻyxatdan oʻtgan. Demak, muammo yoʻq. Planshetlarni olib, yetkazib berdik va qoʻyilgan foydadan QQSning oʻzimizga tegishli qismini toʻladik”, — deya voqeani tushuntirgan tadbirkor.

Uning taʼkidlashicha, yaqinda boshlangan QQS muammosi Asaxiy.uzni ham chetlab oʻtmadi. Yuqoridagi firma QQS toʻlamagan ekan va uni jazolash oʻrniga QQS miqdorini Allayev kompaniyasidan yechilgan.

Buxoro viloyati soliq qoʻmitasiga hisob fakturasi, shartnoma, yuk xati va planshetlarni sotib olgan tashkilotdan ham xatlar taqdim etilgan. Vaziyatdan kelib chiqib, Fizur Allayevning oʻzi ham rasmiy xat bilan Soliq qoʻmitasiga murojaat qilgan. Biroq sud ham tadbirkor zarariga qaror chiqargan.

“Asaxiy.uzning bosh ofisi Toshkent shahrida joylashgan. Asosiy daromadimiz ham Toshkentdagi hisobraqamlarimizdan aylanadi. Lekin, shunga qaramasdan, biz doim soliqlarni oʻzimiz tugʻilib oʻsgan tuproqning hurmati, viloyat byudjetiga ozroq boʻlsa-da hissa qoʻshish uchun Buxoro viloyati hisobiga toʻlab keldik. Shu vaqtgacha Buxoro soliqchilarining noprofessionalligiga, moratoriyga qaramasdan, Gʻijduvon shahridagi filialimizni noqonuniy bir necha marotaba tekshirganiga koʻz yumdik. Hammasini yaxshilikka yoʻyib, butun Oʻzbekistondan yigʻgan pulimizni Buxoro viloyatiga topshirdik. Lekin, buning evaziga soliqchilar tomonidan qoʻpol munosabat va QQS bilan yuqoridagi muammoga duch keldik”, — deya taʼkidladi Allayev.

Tadbirkor endilikda soliqlarni Toshkentda toʻlashini, Kogon shahri va boshqa ikkita tumandagi filiallarini ham yopib, kelajakda Buxoro hududida biror ish qilmaslikka qaror qilganliklarini qoʻshimcha qilgan.

Avvalroq Spot, Firuz Allayev kontrafaktlar sabab kompaniyasi zarar koʻrayotganini haqida yozgan edi.