2021-yilning iyun oyida avtomobil bozorida aholining talabi joriy yilning may oyiga nisbatan 13,7% ga oshdi. Bu Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi tahlilidan maʼlum boʻlmoqda.

Avtomobillar savdosining oʻsishi 2020-yilning iyun oyiga nisbatan 12,9% ni, 2019-yilning shu davriga nisbatan esa 29,6% ni tashkil etdi.

Hisobot davrida roʻyxatga olingan va qayta roʻyxatga olingan avtomobillar soni barcha viloyatlarda (Sirdaryo viloyatidan tashqari) yuqori surʼatlarda oshdi. Eng yuqori oʻsish surʼatlari Namangan (22,6%), Navoiy (20,9%), Samarqand (18,8%), Fargʻona (16,2%) va Toshkent (16,4%) viloyatlarida qayd etildi.

Avtokreditlar

Tahlil natijalari shuni koʻrsatmoqdaki, avtokreditlar hajmi va avtomobillarga boʻlgan talab oʻrtasida sezilarli darajada bogʻliqlik mavjud. Avtokreditlar hajmining 10% ga oshishi roʻyxatga olingan va qayta roʻyxatga olingan avtomobillar sonining 4% oshishiga olib keladi.

Yanvar-may oylarida respublika boʻyicha aholiga 2,67 trln soʻmlik avtokreditlar berildi. Bu esa 2020-yilning shu davriga nisbatan 40,5% ga koʻproqdir. Eng yuqori oʻsish surʼatlari Toshkent shahrida (1,1 trln soʻm) kuzatildi.

2021-yilning iyun oyida 18,9 mingta yangi avtomobil roʻyxatga olindi. Ulardan 1171 tasi (6,2%) chet elda ishlab chiqarilgan avtomobillardir.

Chet elda ishlab chiqarilgan avtomobillar eng koʻp sotilgan hududlar Toshkent shahri (yangi avtomobillarning 11,8%), Toshkent (5,7%), Samarqand (3%) va Xorazm (2,4%) viloyatlari boʻldi.