Hindistonda MasterCard xalqaro toʻlov tizimiga yangi debet kartalari chiqarish taqiqlab qoʻyildi. Hindiston markaziy banki kompaniya tranzaksiyalar haqidagi maʼlumotni mamlakat ichida saqlash talabini bajarmay, qonunchilikni buzgan, deb topgan.
Biroq taqiqlov toʻlov tizimining amaldagi mijozlariga taʼsir qilmaydi.
“Koʻp vaqt oʻtgani va kompaniyaga yetarlicha imkoniyatlar berilganiga qaramay, MasterCard talablarni bajarmayotgani haqidagi xulosaga keldik”, — deb aytilgan markaziy bank xabarida.
AQShning toʻlov xizmatlari koʻrsatuvchi provayderlari bunday qoidalarga qarshi chiqib keladi, chunki bu choralar xorijda biznes yuritish xarajatlarini oshiradi.
Bundan tashqari, joriy yilda Hindistonda yuqoridagi sabablarga koʻra American Express va Diners Club kartalarini chiqarish taqiqlab qoʻyilgandi.
Mastercard hissasiga 2020-yilda Hindistonda plastik kartalar yordamida amalga oshirilgan barcha toʻlovlarning 33%i toʻgʻri kelgan.
Maʼlumot uchun, Mastercard dunyoning eng qimmat brendlari oʻntaligiga kiradi.