Fransiya ramzi hisoblangan Eyfel minorasi turistlar uchun yana ochildi. Minora koronavirus cheklovlari sababli 2020-yilning oktyabrda yopilgandi. Xabarda aytilishicha, 21-iyuldan boshlab 18 yoshdan kattalar sanitar ruxsatnoma bilan kiritiladi.
“Minora sayyohlarni yana qabul qilishidan xursandmiz”, — deyiladi kompaniya-operator saytida.
Sanitar ruxsatnoma dam olish va madaniyat maskanlari, qahvaxona va restoranlar, savdo markazlariga borish huquqini beradi. Unda emlanganlik yoki PZR testi natijasi manfiyligi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar boʻladi.
Maʼlumot uchun, hozirga kelib Fransiya aholisining 40,4% qismi toʻliq emlangan. Mamlakatda koronavirus yuqtirganlar soni 5,8 millionga yaqinlashgan, 110 mingdan ortiq bemor vafot etgan.