Yoʻlovchi aviatashuvlari xavfsizligi va sifatini baholashga ixtisoslashgan AirlineRatings.com agentligi dunyoning eng yaxshi aviakompaniyalari har yilgi reytingini taqdim qildi.

Aviakompaniyalar asosan yoʻlovchilarning aviakompaniya haqidagi fikri, aviakompaniya taklif qiluvchi xizmatlar turfaligi, havo parki, pandemiya vaqtida koʻrilayotgan choralar boʻyicha baholangan.

AirlineRatings.com joriy yilda Qatar Airways aviakompaniyasini eng yaxshi aviakompaniya deb topgan. U reytingning koʻp yillik yetakchisi Air New Zealandʼni 2-oʻringa tushirib yuborgan.

Qatar aviakompaniyasining yoʻlovchilar uchun yangi mahsulotlar kiritgani, parvoz vaqtida yuqori sifatli xizmat koʻrsatishi, innovatsionligi hamda pandemiya vaqtida ham parvozlarni toʻxtatmaslikka harakat qilgani yuqori baholangan.

Yetakchi oʻntalikdan Airlines, Qantas, Emirates, Cathay Pacific, Virgin Atlantic, United Airlines, EVA Air, British Airways ham oʻrin olgan.

Jumladan, Qantas aeroportlarda eng yaxshi dam olish xonalariga ega aviakompaniya, Singapore Airlines 1-klassda eng yaxshi xizmat koʻrsatuvchi aviakompaniya, Virgin Australia esa eng yaxshi ekipajga ega aviakompaniya deb topilgan.

Shuningdek, Yevropa, Osiyo-Tinch okeani hamda Shimoliy va Janubiy Amerikaning eng yaxshi byudjet aviakompaniyalari maʼlum qilingan. Bunga mos ravishda EasyJet, Jetstar va Southwest sazovor boʻlgan.