Oʻz xodimlarining emlanishini taʼminlagan oshxona, kafe, restoranlarga cheklangan muddatdan tashqari ishlashlariga ruxsat berilishi mumkin. Bu haqda “davletovuz” kanali koronavirusga qarshi kurashish shtab aʼzosi Botir Qurbonovga tayanib xabar bergan.
Qurbonovning taʼkidlashicha, karantin choralarini oʻz jamoasida toʻlaqonli taʼminlagan, oʻz xodimlariga emlash jarayonlarini samarali tashkil etgan tashkilotlar ijobiy tajribasini ommalashtirish belgilab berilgan.
Shu bilan birga, xodimlarining emlanishini yetarlicha taʼminlagan oshxona, restoran, kafe, tungi klub va boshqa bir qator aholiga xizmat koʻrsatish obyektlarini cheklangan muddatdan tashqari vaqtlarda ham ishlashga ruxsat berish amaliyoti joriy etilishi mumkin.
Agar jamoasi toʻliq emlangan boʻlsa, shoxobcha ish vaqtini soat 20:00 dan keyin ham biroz muddatga uzaytirish mumkin boʻladi.
Shuningdek, oʻz vaqtida ixtiyoriy ravishda emlangan xodimlarni ish beruvchi tomonidan ragʻbatlantirish, emlanishni asossiz ravishda rad etgan xodimlarni esa mehnat qonunchiligida koʻrsatilgan tartibda choralarni, yaʼni ishdan vaqtincha chetlatib turish boʻyicha tavsiyalar berib oʻtilgan.
Eslatib oʻtamiz, 20-iyuldan boshlab umumiy ovqatlanish obyektlari — restoran, kafe, oshxona va choyxonalarni soat 8:00 dan 20:00 gacha faqatgina ochiq havoda ishlashiga ruxsat berilgan edi.