1-avgustdan Oʻzbekistonda bir nechta yangiliklar joriy etiladi. Ular qatorida xomashyoni olib kelishda bojxona ishi soddalashtirilishi, xususiy sektorga mulk huquqi berish tartibi, shu jumladan tender va turizmga oid xabarlar oʻrin olgan:

Hukumat qaroriga asosan xorijiy xomashyo va materiallarni bojxonada rasmiylashtirish talablarini soddalashtirish maqsadida 2021-yil 1-avgustdan boshlab:

  • bojxona rejimi talabida xorijiy buyurtmachi mavjud boʻlmagan hollarda ham qayta ishlash operatsiyalariga ruxsat beriladi;
  • tadbirkorlik subyektiga chetdan xomashyo sotib olib, ularni respublika hududida bojxona toʻlovlari toʻlamagan holda qayta ishlagandan soʻng istalgan xorijiy hamkoriga sotish imkonini beradigan olib chiqish, olib kirish, sotish va sotib olish boʻyicha yangi turdagi tashqi savdo kontraktlari amaliyotga kiritiladi;
  • mahalliy eksport qiluvchilarga xorijiy davlatdan mahsulot sotib olib, import qilmasdan uchinchi davlatga toʻgʻridan toʻgʻri sotishga ruxsat beriladi.

Yer uchastkalarini xususiy sektorga mulk huquqi bilan berish tartibi kuchga kiradi

Prezident farmoniga asosan 2021-yil 1-avgustdan boshlab yer uchastkalari xususiy sektorga — mulk va ijara huquqi asosida, davlat tashkilotlariga — doimiy foydalanish huquqi asosida ajratiladi.

Hokimlar va mahalliy kengashlarning yer uchastkalarini toʻgʻridan toʻgʻri ajratish, foydalanishga berish, kelgusida ajratish uchun zaxiralash, biriktirish, obodonlashtirish uchun berish yoki yerlarni boshqacha yoʻl bilan tasarruf qilish, sugʻoriladigan yerlarni sugʻorilmaydigan yoki boshqa yer toifasiga, sugʻorilmaydigan qishloq xoʻjaligi yerlarini boshqa yer toifasiga oʻtkazish va ular yuzasidan qaror, farmoyish yoki boshqa turdagi hujjat qabul qilish huquqi bekor qilinadi.


Hududlardagi nodavlat taʼlim tashkilotlarining binoni ijaraga olish xarajatlarining bir qismi qoplab beriladi

Prezident qaroriga asosan 2024-yil 1-yanvarga qadar nodavlat taʼlim tashkilotlari tomonidan taʼlim jarayonida foydalaniladigan bino va inshootlar ijara toʻlovi xarajatlarining 50 foizigacha miqdorda davlat byudjeti mablagʻlari hisobidan qoplab beriladi. Ushbu tartib Toshkent va Samarqand shaharlarida joylashgan va taʼlim jarayonida foydalaniladigan bino va inshootlarga tatbiq qilinmaydi.


Davlat xaridlari sohasida oʻtkaziladigan tender natijalarini majburiy tarzda ochiq eʼlon qilish yoʻlga qoʻyiladi

Prezident qarori bilan shaffoflik va qonuniylikni taʼminlash, korrupsiyaviy holatlarning oldini olish maqsadida davlat xaridlari sohasida oʻtkazilayotgan tender (tanlash) natijalarini majburiy tarzda ochiq eʼlon qilish amaliyoti joriy etiladi.


Chiqish turizmi boʻyicha ayrim litsenziya talablari joriy etiladi

Hukumat qaroriga koʻra, chiqish turizmi yoʻnalishi boʻyicha turoperator va tur agent faoliyatini amalga oshirish uchun quyidagi litsenziya talablari joriy etiladi:

  • turoperatorlarning fuqarolik javobgarligini sugʻurtalashni tasdiqlovchi sugʻurta polisining mavjudligi;
  • 15 ming AQSh dollari ekvivalenti miqdoridagi mablagʻlarni Oʻzbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi huzurida Xavfsiz turizm jamgʻarmasiga zaxira qilib qoʻyish;
  • Barcha davlat bojlari, yigʻimlar, jarimalar va boshqa majburiy toʻlovlarni onlayn rejimda toʻlash imkoniyati taqdim etiladi.

Prezident farmoniga asosan elektron hukumatni rivojlantirish doirasida jismoniy va yuridik shaxslarga barcha belgilangan davlat bojlari, yigʻimlar, jarimalar va boshqa majburiy toʻlovlarni elektron toʻlov tizimlaridan foydalangan holda onlayn rejimda toʻlash imkoniyati taqdim etiladi.


Haydovchilik guvohnomasini rasmiylashtirish uchun barcha hujjatlarni YaIDXP orqali ham taqdim etish imkoniyati yaratiladi

Hukumat qaroriga asosan oʻquv guruhlarini roʻyxatga olish, haydovchilikka nomzodlardan imtihonlarni qabul qilish uchun hujjatlarni va milliy haydovchilik guvohnomasini rasmiylashtirish uchun barcha tegishli hujjatlarni YaIDXP orqali ham taqdim etish imkoniyati yaratiladi.

Avvalroq Spot, 1-iyul, 1-iyun dan O’zbekistonda qanday o’zgarishlar kuchga kirishi haqida xabar bergan edi.