“Davlat xizmatlari koʻrsatish infratuzilmasini takomillashtirish va aholining davlat xizmatlaridan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida"gi Prezident farmoni qabul qilindi.
Farmonga koʻra, 2021-yil 1-dekabrdan boshlab Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalida avtomototransport vositalariga berilgan roʻyxatdan oʻtkazish davlat raqami belgisi orqali “avtomobil tarixi” ma’lumotlarini (davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan sanasi, yurgan masofasi, fuqarolik-huquqiy shartnomalar tuzilganligi, yoʻl transport hodisasi sodir etilganligi va boshqalar haqida) shartnomaviy asosda aniqlash davlat xizmati yoʻlga qoʻyiladi.
2021-yil 1-oktabrgacha:
- “Ijtimoiy himoya yagona reyestri” hamda “TMEK” axborot tizimlari YAIDXP bilan integratsiya qilinadi;
- davlat xizmatlari markazlari yoki YAIDXP orqali davlat xizmatlari koʻrsatilishida toʻlovlar boʻyicha imtiyozga ega boʻlgan shaxslarni real vaqt rejimida aniqlash va toʻlov miqdorini avtomatik tarzda belgilash tizimi joriy etiladi.
Shuningdek, Davlat xizmatlari agentligi huzuridagi Axborot xizmatlarini rivojlantirish markazi negizida Davlat xizmatlarini rivojlantirish ilmiy-amaliy markazi tashkil etildi.