Markaziy bankning yangilangan prognozlariga qo‘ra, 2021-yil yakuni bo‘yicha yillik inflyatsiya prognozi 9−10 foiz darajasida (o‘zgarishsiz) bo‘lishi kutilmoqda.
2021-yil yakunigacha inflyatsiya prognoziga pul-kredit sharoitlarining nisbatan qat’iy saqlanib qolishi, pul-kredit instrumentlari to‘plamiga kiritilayotgan o‘zgartirishlar, valyuta bozorida kuzatilayotgan barqaror tendensiyalar, tegishli vazirlik va idoralar bilan inflyatsiyaning nomonetar omillari ta’sirini pasaytirish bo‘yicha ko‘rilayotgan choralarni jadallashtirish orqali erishiladi.
Shuningdek, jahon narxlari indikatori hisoblangan FAO indeksi joriy yil iyul oyida biroz pasaygan bo‘lsada, ikkinchi yarim yillikda ko‘plab mamlakatlarda kuzatilayotgan quruq ob-havo qishloq xo‘jaligi mahsulotlarining joriy yilgi hosili bo‘yicha kutilmalariga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda.
Iste’mol tovarlaridan o‘simlik yog‘i, shakar va go‘sht mahsulotlariga bo‘lgan talabning katta qismi import hisobiga qoplanishini inobatga olsak, Rossiya va Qozog‘iston, shuningdek, jahon bozorida asosiy iste’mol tovarlari narxlarining o‘sishi mahalliy tovarlar narxlariga oshiruvchi ta’sir ko‘rsatishi mumkin.
Umuman olganda, ichki va tashqi sharoitlar bo‘yicha ma’lum darajadagi noaniqlik va xatarlar saqlanib qolmoqda va 2021-yil yakuni bo‘yicha inflyatsiya darajasi yuqorida keltirilgan omillarning shakllanish darajasiga bog‘liqdir.
Bunda, Markaziy bank iqtisodiyotdagi inflyatsion kutilmalar darajasi, inflyatsiyaning joriy dinamikasi va prognoz ko‘rsatkichlaridan hamda inflyatsion omillarning xususiyatlaridan kelib chiqib pul-kredit siyosati bo‘yicha tegishli qarorlarni qabul qilib boradi.