Oʻzbekiston laboratoriyalari “Путешествую без COVID-19” (“COVID-19'siz sayohat qilaman) ilovasiga qoʻshildi, bu haqda ushbu servisni ishlab chiqqan Yevrosiyo taraqqiyot bankining Raqamli tashabbuslar jamgʻarmasi xabar bermoqda.

PZR testini 87 punktda topshirish mumkin. Foydalanuvchilar dasturdagi eng yaqin punktlarning toʻliq roʻyxati bilan tanishishlari mumkin.

2021 yil 1 sentyabrdan boshlab Rossiyaga Ozarbayjon, Moldova, Oʻzbekiston, Tojikiston va Turkmaniston hududlaridan kelganlar uchun “Путешествую без COVID-19” ilovasidan foydalanish majburiy boʻladi.

Bugungi kunda ushbu ilovadan Rossiyaga kelishda Yevroosiyo Iqtisodiy Ittifoqiga aʼzo mamlakatlar: Armaniston, Belarus, Qozogʻiston va Qirgʻiziston tomonidan faol foydalanilmoqda. Foydalanuvchilar ushbu dasturni 530 ming martadan koʻproq yuklab olishgan va u orqali 600 mingdan ortiq PZR-test natijalarini olishgan.

Keyinchalik ilovada aks etishi uchun tahlillarni 1942 punktda topshirish mumkin. Armanistonda 62 ta, Belarusda — 48 ta, Qozogʻistonda — 424 ta, Qirgʻizistonda — 144 ta, Rossiyada -1100 ta, Tojikistonda — 77 ta va Oʻzbekistonda — 87 ta punktlar ochilgan. Ilovani App Store, Google Play va AppGallery (Huawei ilovalar doʻkoni) da yuklab olish mumkin.


Ilovaning vazifasi koronavirus pandemiyasi sharoitida fuqarolarning mamlakatlar oʻrtasida erkin va xavfsiz harakatlanishini taʼminlashdan iborat. Raqamli yechim kasallik tarqalish xavfini kamaytiradi va davlatlararo darajada ishonchli boshqaruv tizimini taʼminlaydi.

Shu bilan birga, dasturning oʻziga xosligi shundaki, transchegaraviy maʼlumotlar almashinuvi paytida fuqarolarning shaxsiy maʼlumotlari uzatilmaydi.

Barcha maʼlumotlar faqat test oʻtkazilgan milliy darajada qoladi. Natijada, shaxsiy maʼlumotlarni qayta ishlash faqat milliy qonunlarga muvofiq amalga oshiriladi.