Maʼlumki, Oʻzbekiston Respublikasi “Davlat gerbi toʻgʻrisida"gi Qonunga muvofiq, Oʻzbekiston Respublikasi Davlat gerbining tasviri tushirilgan belgilardan ishlab chiqarilayotgan yoki realizatsiya qilinayotgan tovarlarni (ishlarni, xizmatlarni) oʻtkazish uchun tijorat maqsadlarida foydalanish mumkin emas.

Toshkent shaharida davlat ramzlaridan foydalanishda huquqni qoʻllash amaliyoti oʻrganilgan. Oʻrganish davomida 363 ta holatda qonun talablari buzilganligi aniqlangan.

Natijada 55 nafar shaxs intizomiy javobgarlikka tortilgan, 18 ta huquqbuzar maʼmuriy ravishda ogohlantirilgan, 9 nafar mansabdor shaxsga nisbatan jarima jazosi qoʻllanilgan.

Bundan tashqari, aniq.uz saytining yozishicha, italiyalik dizayner Stefano Richchi tomonidan yaratilgan oyoq kiyimlarida Oʻzbekiston gerbi va bayrogʻini tasvirlangan.

Bu assortimentdan futbolkalar, jinsi shimlar, kepkalar, sport kostyumlari joy olgan. Manbaga koʻra, emblemali oq krossovkalar 18 000 000 soʻmga narxlangan.

Mazkur holat Oʻzbekiston Respublikasining davlat ramzlari — bayroq va gerbga nisbatan hurmatsizlik hisoblanadi, deya eslatma berilgan Adliya vazirligi xabarida.

Biroq mana shu vaziyatga doir qanday ogohlantirish berilgani yoki huquqiy chora koʻrilgani aytilmagan.