Shavkat Mirziyoyev oliy ta’lim muassasalarida ta’lim olish imkoniyatlarini kengaytirishga oid qarorni imzoladi. Bu haqda “O'zA” agentligiga asoslanib “Xushnudbek.uz” telegram kanali xabar berdi.

Hujjatga muvofiq, 2021/2022 oʻquv yilidan barcha oliy ta’lim muassasalari bakalavriatining kunduzgi ta’lim shakli hamda magistratura bosqichida toʻlov-kontrakt toʻlov asosida tahsil olish uchun kredit ajratishning yangi tizimi yoʻlga qoʻyiladi.

Unga koʻra:

  • tijorat banklari Markaziy bankning asosiy stavkasi (14%)da ta’lim krediti ajratadi. Resurs Moliya vazirligi tomonidan joylashtiriladi;
  • talaba kreditni oʻqishni rasman tamomlagach, yettinchi oydan boshlab yetti yil davomida qaytaradi.
  • kreditni rasmiylashtirishda talabaning doimiy daromad manbaiga ega oila a’zolari birgalikdagi qarz oluvchi sifatida qatnashishishga ruxsat beriladi.
  • “Ijtimoiy himoya yagona reyestri"ga kirgan oilalar farzandlaridan kredit uchun garov va kafillik talab qilinmaydi.
  • ta’lim kreditlari boʻyicha tijorat banklarini moliyaviy resurslar bilan ta’minlash uchun Moliya vazirligi huzurida Ta’lim kreditini moliyalashtirish jamgʻarmasi tuziladi (yuridik shaxs boʻlmaydi). Jamgʻarmaga 2021-yilda kamida 1 trln soʻm, keyingi yillardan haqiqiy talabdan kelib chiqib mablagʻ ajratiladi.
  • jamgʻarma tijorat banklariga Markaziy bank asosiy stavkasidan 4% bandga past boʻlgan stavkada resurslar ajratadi. Asosiy stavka pasaysa, kredit va resurs stavkasi ham pasayadi, agar oshsa, oʻzgarishsiz qoladi.