Toshkent viloyati Boʻstonliq tumanidagi “Beldersoy oromgohi” dam olish maskani “Beldersoy” sport bazasi (Kanat yoʻli) bilan birgalikda ommaviy savdolarga chiqariladi. Bu haqda davlat aktivlarini boshqarish agentligi xabar bermoqda.
Davlat aktivlarini sotish ikki bosqichda oʻtkaziladi:
- birinchi bosqichda — talabgorlar oldindan malakalanadi (saralanadi), jumladan, savdolarda qatnashish uchun talab qilingan hujjatlarning toʻliqligi, zakalat puli kelib tushganligi, davlat aktivlaridan kelgusida foydalanish yoʻnalishlariga qoʻyilgan talabga nisbatan talabgor tomonidan taklif etilgan biznes konsepsiyasi loyihasining maqbul yoki maqbul emasligi koʻrib chiqiladi;
- ikkinchi bosqichda — talabgorning tijorat takliflari (sotib olish narxi va toʻlovni amalga oshirish muddati) hamda toʻlov qobiliyati baholanadi.
Davlat tender komissiyasi tomonidan savdoning birinchi bosqich yakunlari boʻyicha qarori qabul qilingan kundan boshlab, 3 ish kuni mobaynida jarayonning birinchi bosqichi natijalari boʻyicha ikkinchi bosqichga oʻtgan talabgorlar toʻgʻrisida Davaktiv agentligi tomonidan oʻzining rasmiy veb sayti va ijtimoiy tarmoqlardagi kanallar orqali eʼlon beriladi hamda birinchi bosqichda ishtirok etgan barcha talabgorlarga rasmiy xabarnoma yuboriladi.
Shuningdek, “Beldersoy oromgohi” dam olish maskani va “Beldersoy” sport bazasi (Kanat yoʻli) bitta lot sifatida savdoga chiqariladi va talabgorlarning taklifi ushbu obyektlar boʻyicha umumiy qabul qilinadi, yaʼni alohida-alohida takliflar qabul qilinmaydi.
Bundan tashqari, “Beldersoy oromgohi” dam olish maskanidan kelgusida mehmonxona yoki boshqa turizm infratuzilmasi obyektini barpo etish sharti qoʻyiladi.
Savdo shartlari haqida batafsil maʼlumot ushbu manzildan olishingiz mumkin.
Avvalroq Spot Toshkent shahridagi savdo va maishiy kompleks auksionga qoʻyilganligi haqida yozgan edi.