Sardor Umurzoqov Ashxobod shahrida Turkmaniston Vazirlar Mahkamasi Raisining oʻrinbosari, savdo-iqtisodiy, ilmiy-texnikaviy va madaniy hamkorlik boʻyicha Hukumatlararo komissiya (HK)ning turkman tomonidan hamraisi Ecyenmurod Orazgeldiyev bilan muzokaralar oʻtkazdi. Bu haqda “Dunyo” AA xabar berdi.
Yaqin vaqt ichida HKning navbatdagi yigʻilishini Oʻzbekistonda oʻtkazish boʻyicha kelishuvga erishildi.
Shuningdek, HK doirasida Oʻzbekiston-Turkmaniston Ishbilarmonlar kengashining ikkinchi yigʻilishi ham tashkil etiladi.
Boʻlajak tadbirlar kun tartibini shakllantirish va yangi investitsiyaviy loyihalar hamda savdo bitimlarini ishlab chiqishga qaratilgan ikki mamlakatning tegishli vazirlik va idoralarining hamkorlikdagi sa’y-harakatlari faollashtiriladi.
Tomonlar transport va logistika sohalarida hamkorlikni rivojlantirish istiqbollariga alohida e’tibor qaratdi.
Ikki mamlakat Transport vazirliklari tomonidan sanitariya-epidemiologiya talablariga rioya etgan holda toʻgʻridan-toʻgʻri havo transporti hamda xalqaro avtomobil qatnovlarini qayta tiklash masalalari ustida ish borilishiga kelishib olindi.
Shuningdek, chegara oʻtish nuqtalarining oʻtkazuvchanlik qobiliyatini oshirish, oʻzaro savdoning oʻsishi uchun tarif va notarif toʻsiqlarni bartaraf etish hamda ikki mamlakatning transport quvvatlari va tranzit salohiyatidan foydalanish samaradorligini oshirish boʻyicha qoʻshma chora-tadbirlarni ishlab chiqish ishlari amalga oshiriladi.
Ishlab chiqilgan chora-tadbirlar va takliflar Oʻzbekiston va Turkmanistonni bogʻlovchi transport yoʻlaklarini yanada rivojlantirish uchun tegishli “Yoʻl xaritasi"da birlashtiriladi.
Muzokaralar yakunida tomonlar erishilgan kelishuvlarni roʻyobga chiqarish boʻyicha birinchi darajali sa’y-harakatlarni belgilab oldi.