“Vkontakte” kompaniyasi boshqaruv direktori Marina Krasnova “Коммерсант” nashriga bergan intervyusida ijtimoiy tarmoq o’zining videoqo’ng’iroqlar uchun mo’ljallangan desctop versiyasini taqdim etishi haqida xabar berdi.
Zoom’dan farqli ravishda xizmat bepul bo’lishi aytilmoqda. Shuningdek, qatnashuvchilarning barchasida ijtimoiy tarmoqda akkaunti bo’lishi talab etilmaydi.
“Bozor ishtirokchilari uchun jiddiy texnologik raqobatni yaratish uchun biz desctop verisyasini ishga tushiramiz. Sifat va mahsuldorlik nuqtai nazaridan, bu qo’ng’iroqlarni yangi bosqichga olib chiqadi “, — deydi Krasnova.
Xizmat qo’ng’iroqlarni yozib olishi va har qanday tarkibni birgalikda ko’rish imkoniyatiga ega bo’ladi, bunda aloqa uchun vaqt chegaralanmaydi. Qo’ng’iroqlar ishtirokchilari soni 2 ming kishidan oshishi mumkin.
Krasnovaning so’zlariga ko’ra, har oy 20 million kishi “Vkontakte” qo’ng’iroqlaridan foydalanadi va bu xizmatga bo’lgan talab korxonalar orasida ham o’sib bormoqda.
Ma’lumot uchun: Zoom aprel oyida Rossiya va MDH davlatlarining davlat idoralari va kompaniyalariga onlayn-konferensiya o’tkazish xizmatini bloklab qo’ygan edi.