Uolter Ayzekson Ilon Maskning tarjimai holini yozadi. Bu haqda milliarder Twitter-da xabar qoldirgan. Kitobdan Tesla va SpaceX haqidagi hikoyalar ham oʻrin oladi.
“Agar siz Tesla, SpaceX va umuman mening hayotim haqida bilishni xohlasangiz, bu borada Uolter Ayzekson biografiya yozmoqda”, — deyilgan Maskning Twitter-dagi sahifasida.
Ayzekson — taniqli jurnalist, ilgari CNN telekanali direktori va Time jurnali bosh muharriri boʻlgan. U asosiy ishidan tashqari Albert Eynshteyn, Leonardo da Vinchi va Benjamin Franklin kabi mashhur shaxslarning tarjimai hollari ustida ish olib boradi.
1993-yilda u amerikalik diplomat Genri Kissinjerning tarjimai holi uchun Pulitser mukofotiga nomzod sifatida koʻrsatildi. 2011-yilda Apple asoschisi vafotidan 19 kun oʻtgach, “Stiv Jobs” kitobi nashr etildi. Buni yozish uchun jurnalist Jobsdan 40 ga yaqin intervyu olishi kerak boʻlgan.
Eslatib oʻtamiz, 2015-yilda “Ilon Mask. Tesla, SpaceX va kelajakka yoʻl”, nomli avtobiografik asar Eshli Vens tomonidan yozib boʻlingan edi. Biroq oʻsha paytlari Maskning Tesla-si hali dunyodagi eng qimmat avtomobil kompaniyasi emasdi.
“Qaysidir maʼnoda, Mask bizning davrimizning Stiv Jobsidir. U aqldan ozgan, u dunyoni oʻzgartirish mumkin deb oʻylaydi, demak u haqiqatan ham dunyoni oʻzgartiradiganlardan biri boʻlishi mumkin”, — dedi Uolter Ayzekson Yahoo Finance bilan suhbatda.
Avvalroq Spot Ilon Maskka tegishli boʻlgan SpaceX tarixdagi eng katta fazoviy raketani qurganligi haqida yozgan edi.