Adliya vazirligi Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksiga qator oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqidagi qonun loyihasini jamoatchilik muhokamasi uchun eʼlon qildi.
Bloger va huquqshunos Xushnud Xudoyberdiyevning yozishicha, qator maʼmuriy javobgarliklar uchun yengilliklar koʻzda tutilmoqda.
Masalan, muddati oʻtgan sugʻurta polisi yoki sugʻurta polisida nazarda tutilmagan shaxs avtotransport vositasini boshqarganligi uchun jarima miqdori ikki baravarga (122,5 ming soʻm) kamaytirilmoqda. Shuningdek:
- yoʻlovchilarni litsenziyasiz tashish bilan shugʻullanganlik uchun jarima miqdori (fuqarolar uchun 1,7 mln soʻm, mansabdor shaxslar uchun 7,3 mln soʻm) uch baravarga kamaytirilmoqda;
- transport vositasini boshqarish vaqtida haydovchilarga bluetooth, quloqchin va boshqa qoʻlni band qilmaydigan garnituralar foydalanishga ruxsat berilmoqda;
- transport vositasi salonining old qismiga oʻzboshimchalik bilan monitor (displey) oʻrnatish uchun javobgarlik bekor qilinmoqda;
- transport vositalari haydovchilarining belgilangan harakat tezligini oshirib yuborganda tezlikni oʻlchaydigan maxsus uskunalar qayd etgan tezlikdan soatiga 5 kilometr ayirib tashlab hisoblash belgilanmoqda.
- transport vositalarini boshqarish huquqini beruvchi hujjatlari, sugʻurta polisi va tex.pasporti yonida boʻlmagan haydovchilarga, Oʻzbekistonda berilgan shaxsini tasdiqlovchi hujjati asosida transport vositalarini boshqarish huquqi berilmoqda.
Bunda, ushbu hujjatlar mavjudligi DYHXX xodimi tomonidan elektron tizim orqali transport vositasi toʻxtatilgan joyda mustaqil tekshiriladi.
Mazkur yangilikni amaliyotga joriy qilish maqsadida Ichki ishlar vazirligiga kerakli integratsiya ishlarini 2021-yil 1-dekabrga qadar yakunlash vazifasi yuklatilmoqda.