Prezident Shavkat Mirziyoyev “Transport toʻgʻrisida"gi qonunni imzoladi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar bermoqda.
Qonunga koʻra, avtomobil, havo, temiryoʻl, suv, elektr transporti, metropoliten va transport infratuzilmasi obyektlari Oʻzbekistonning yagona transport tizimini tashkil etadi.
Transport vositalari muvofiqlik yoki transport vositasi turini maʼqullash sertifikatiga ega boʻlishi va roʻyxatdan oʻtkazilishi kerak. Xavfsizlik talablariga javob bermaydigan transportlarni Oʻzbekistonga olib kirish, ishlab chiqarish, sotish yoki ulardan foydalanish taqiqlanadi. Davlat chegarasi orqali oʻtkazish punktlarida yuklarni tranzit olib oʻtish chogʻida tranzit yuklar va hujjatlar identifikatsiya qilinadi.
Shuningdek, Oʻzbekistonda tovarlar va transport vositalariga nisbatan bajariladigan operatsiyalardan kelib chiqqan holda xalqaro va hududiy transport-logistika markazlari tashkil etilishi mumkin.
Transport-logistika markazlari ularga har qanday turdagi transportda kirib kelayotgan hamda olib chiqilayotgan yuklarni omborga joylashtirish, saqlash, ularga ishlov berish, qayta ishlash, qadoqlash va taqsimlash boʻyicha xizmatlar koʻrsatadi.
Vakolatli organlar vokzalda, aerovokzalda, aeroportda, metropolitenda va avtostansiyaga kirish joyida transport vositasini, bagajni, yuk bagajini va yukni, yoʻlovchilarni va boshqa shaxslarni koʻzdan kechirishdan oʻtkazishi mumkin.
Transport tashkilotlari va tashuvchilar faoliyati transport harakatlanishi bilan bogʻliq boʻlgan hamda mehnat sharoitlari oʻta zararli va oʻta ogʻir sharoitlarda band boʻlgan xodimlarning dastlabki hamda davriy tibbiy koʻriklardan oʻtkazilishini tashkil etishi shart.
Avvalroq Spot Milliy bogʻdan Yunusobod tumanigacha veloyoʻlak tashkil etilishi haqida yozgan edi.