Mavzu yuzasidan AOKAda oʻtkazilgan brifingda “Oʻzeltexsanoat” uyushmasi raisi oʻrinbosari Abror Boyev elektrotexnika tarmogʻi korxonalarining Respublikada erishgan koʻrsatkichlari toʻgʻrisida ma’lumot berdi.
Qayd etilishicha, 2021-yilning birinchi yarim yilligida mahsulotlar ishlab chiqarish hajmi 7,1 trln soʻmni tashkil etdi (respublika sanoatida bu soha ulushi — 4,1 foiz). 2020-yilning tegishli davriga nisbatan 133 foiz oʻsishga erishilganligini koʻrsatadi.
Tahlillar oʻtgan davr ichida elektrotexnika sanoati korxonalari Respublika sanoatida eng yuqori oʻsish sur’atlarini qayd etganini koʻrsatdi.
Joriy yilning oʻtgan davrida soha korxonalari tomonidan 25 ming tonnaga yaqin (24,8 ming tonna) mis xomashyosi chuqur qayta ishlangan. Joriy yil yakuniga borib esa ishlab chiqarish hajmi 16,7 trln soʻmga (2020-yilga nisbatan 122 foizga) oshirish belgilangan.
Investitsiya dasturi doirasida birinchi yarim yillikda 81,0 mln dollar, rejaga nisbatan — 2,3 barobar investitsiyalar, shundan 52 mln dollar toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiya va kreditlar oʻzlashtirilib, rejaga nisbatan 4 barobarni tashkil etdi.
️Loyihalar doirasida ventilyator, elektron tarozilar, elektr choynaklar, sanoat muzlatgichlari, trancformator shitlari, elektr dvigatellari, akkumulyator va boshqa shu kabi mahsulotlar oʻzlashtirilib, 1,0 trln. soʻmlik qoʻshimacha ishlab chiqarish quvvatlari yaratildi.
Mavzuga doir: Prezident mis sanoati klasterini tashkil etish bo’yicha ko’rsatmalar berdi. Klaster orqali turdosh tarmoqlar yordamida kelayotgan foydani 7−8 mlrd dollargacha yetkazish mumkin.
Joriy yilning yakuniga qadar 143 mln dollar investitsiyalar, shundan 55 mln dollar toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiya va kreditlar oʻzlashtiriladi.
Shuningdek, 45 ta investitsiya loyihalari ishga tushirilishi va 3 000 dan ortiq yangi ish oʻrinlari yaratilishi belgilangan. Bugungi kunga qadar 18 ta loyiha foydalanishga topshirildi.
Joriy yilning oʻtgan birinchi yarim yillik yakunlari bilan mahsulotlar eksporti 237 mln. dollarni tashkil etib, oʻtgan yilning tegishli davriga nisbatan 2 barobarga oshgan. Joriy yil yakuniga mahsulotlar eksportini 500,0 mln dollarga yetkazish maqsad qilib olingan.
Hozirgi paytda sohada yangi investitsiya loyihalari va istiqbolli yoʻnalishlar ustida ish olib borilmoqda. Bu esa “Elektronika va avtomatika”, “Yashil” energetika" va shunga oʻxshash bir qator yoʻnalishlarni oʻz ichiga oladi.