Oʻzbekistonda yoʻl qurilishi va taʼmirlash ishlariga sarflangan pulni nazorat qilish uchun “Shaffof Yoʻl” onlayn axborot platformasi va uning mobil ilovasi ishga tushiriladi.
Ushbu platformada quyidagilar aks etadi:
- avtomobil yoʻllari qurilishi boʻyicha barcha davlat dasturlari va mahalliy dasturlar bir joyda jamlanadi;
- qurilishi va taʼmirlanishi rejalashtirilgan yoʻllarning barchasi onlayn-xaritada yaqqol koʻrinib turadi.
Shuningdek, shu xaritaning oʻzida qurilish yoki taʼmirlashni amalga oshirayotgan tashkilot, sarflanayotgan mablagʻ, bajarilgan ishlarning ahvolini bevosita kuzatib borish imkoni paydo boʻladi.
Taʼkidlanishicha, yoʻl jamgʻarmalarining barcha tushumlari real vaqt rejimida platformada “onlayn-hisoblagich"da koʻrinib turadi. Masalan, avtomobilni roʻyxatdan oʻtkazganda yoʻl jamgʻarmasiga toʻlangan mablagʻ qayerga ketganligini shu zahoti bilib olsa boʻladi.
Bundan tashqari, aholida yoʻllar nosozligi, harakatlanish uchun paydo boʻlgan muammolar haqida foto va videomurojaatlar qoldirish imkoniyati paydo boʻladi.