“Kam taʼminlangan oilalarga moddiy yordam ko‘rsatish hamda kambag‘allik bilan kurashish ko‘lamini yana-da kengaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi Prezident farmoni (PF-6277-son, 11.08.2021 y.) qabul qilindi.
Farmonga muvofiq, 2021-yil 1- sentyabrdan:
- 14 yoshgacha bolalari bo‘lgan oilalarga nafaqa hamda bola 2 yoshga to‘lguniga qadar uni parvarish qilish nafaqasi o‘rniga kam taʼminlangan oilalarga bolalar nafaqasi joriy etiladi.
Bolalar nafaqasini tayinlashda:
- inobatga olinadigan bolalar yoshi 14 yoshdan 18 yoshgacha oshiriladi;
- to‘lov muddati 6 oydan 12 oygacha oshiriladi;
- uning miqdorini oiladagi bolalar sonidan kelib chiqib belgilash tartibi qo‘llaniladi;
- yakka-yolg‘iz bo‘lgan fuqarolarga, farzandi bo‘lmagan yoki barcha farzandlari 18 yoshdan katta bo‘lgan kam taʼminlangan oilalarga moddiy yordam tayinlanadi.
2021-yil 1-sentyabrdan bolalar nafaqasi va kam taʼminlangan oilalarga moddiy yordam to‘lovlarining miqdorlari quyidagi belgilanadi:
bolalar nafaqasining har oylik miqdori:
- 250 000 so‘m — 3 yoshdan 18 yoshgacha bo‘lgan bitta farzandi uchun, 325 000 so‘m — yoshi 3 yoshgacha bo‘lgan bitta kichik farzandi uchun;
- 150 000 so‘m — oilaning ikkinchi farzandi uchun qo‘shimcha;
- 100 000 so‘mdan — oilaning uchinchi va undan keyingi har bir farzandi uchun;
- kam taʼminlangan oilalar uchun moddiy yordamning oylik miqdori — 380 000 so‘m.
Bunda 2021- yil 1- sentyabrgacha tayinlangan mazkur turdagi nafaqalar va moddiy yordamning amaldagi miqdorlari hamda ularni to‘lash muddatlari saqlab qolinadi.
2021-yil 1-oktyabrdan “Ijtimoiy himoya yagona reyestri” axborot tizimi orqali kam taʼminlangan deb eʼtirof etilgan oilalar va shaxslar to‘g‘risidagi maʼlumotlar manfaatdor vazirlik va idoralarga “Elektron hukumat” tizimi idoralararo integratsiyalashuv platformasi orqali taqdim etiladi.