Farg‘ona viloyat hokimi Xayrullo Bozorov Farg‘ona shahri va tumani tutashgan xalqaro aeroport yaqinidagi “Ilg‘or” mahalla fuqarolar yig‘ini hududida barpo etilishi rejalashtirilayotgan ekoshahar hamda kichik sanoat hududi loyihasinimuhokama qildi.
Eski aerodom hududidan 150 metrlik muhofaza zonasi qoldirgan holda 24 ming ishchi o‘rni yaratiladigan kichik sanoat hududi joylashtiriladigan, so‘ngra 10 gektar maydondan iborat yashil hudud bilan qoplanib, 40 ming aholiga mo‘ljallangan 7−25 qavatli 313 ta ko‘p qavatli turar-joylar va ijtimoiy obyektlar bilan davom etadigan ekoshahar loyihasi jami 300 gektar maydonda amalga oshiriladi.
Shuningdek, shaharchaning o‘rtasidan oqib o‘tishi rejalashtirilgan kanalni qazish ishlariga kirishish, shaharchadagi yashil maydon hududlarini rejasini belgilab, ekoshaharning obodonlashtirish loyihasini ishlab chiqish, bunda yashil maydonlar va daraxtzor orasida sayr qilish va velosport bilan shug‘ullanish uchun yo‘lakchalar bo‘lishini hisobga olish, kichik sanoat hududini 50 sotixdan lotlarga ajratib, tashabbuskorlarni aniqlash hamda onlayn auksion orqali savdoga chiqarish va boshqa topshiriqlarni belgilandi.
Farg‘ona shahar Alisher Navoiy ko‘chasi “Tadbirkorlar uyi” yonida 18 qavatli zamonaviy biznes va savdo markazi hamda mehmonxona qurilishi rejalashtirilmoqda. Binoning 1-qavatida savdo markazi, ko‘rgazmalar zali, 2−4-qavatlarida fast-fud shaxobchalari, savdo do‘konlari, ofislar hamda konferensiyalar zali o‘rin oladi.
Qolgan qavatlar esa apartament shaklidagi mehmonxona nomerlaridan iborat bo‘ladi. Avtomobillar uchun liftli yerosti avtoturargoh ko‘zda tutilgan.
Al-Farg‘oniy hamda Saylgoh ko‘chalari kesishuvida joylashgan eski amfiteatr o‘rnida IT-Park va zamonaviy kutubxona barpo etiladi.
Shahar mas’ullariga qisqa muddatda eski amfiteatrni buzish ishlarini yakunlash hamda qurilish maydonchasini tayyorlash bo‘yicha topshiriq berildi.
Bugungi kunda shahardagi sobiq akvapark o‘rnida zamonaviy turar-joy majmuasi qurilishi boshlandi. 2,5 gektar maydonda “Fergana siti stroy” MCHJ tomonidan barpo etishga kirishilgan ushbu turar-joy mamjuasi 7−9 qavatli 13 ta turar-joy binosidan iborat bo‘ladi.
Yangi uylardagi xonadonlarning katta qismining maydoni aholiga ipoteka krediti asosida sotib olishga qulay bo‘lishligi uchun 50−60 kv. metrdan iborat bo‘ladi. Majmuada qurilayotgan binolarning birinchi qavatida savdo va xizmat ko‘rsatish shaxobchalari ham o‘rin oladi.