O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki 2021-yilning 26 -avgustidan boshlab yangi ko‘rinishdagi nominal qiymati 5000 so‘m va 10 000 so‘m bo‘lgan banknot shaklida pul belgilarini muomalaga chiqarilishi to‘g‘risida qaror qabul qilinganligini ma’lum qiladi.
Mazkur banknotlar mavzusi (tematikasi) “Buyuk Ipak yo‘li” hamda mamlakatimiz hududidagi qadimiy Samarqand va Toshkent shaharlari tarixiga bag‘ishlangan.
Banknotlar himoyalangan qog‘ozda chop etilgan.
5000 so‘mlik banknot:
O‘lchami 142×69 mm.
Banknotning o‘ng tarafida och fonda qadimgi “Buyuk Ipak yo‘li"ning ramzi sifatida tuya va “5000” raqami ko‘rinishida suv belgilari joylashgan.
Banknotning o‘ng tarafida qog‘oz qatlamida kengligi 2 mm. bo‘lgan “UZB” yozuvi tushirilgan turli ranglarda tovlanuvchan metallashgan va mashinada o‘qiladigan himoya ipi o‘tkazilgan.
Old va orqa tomonlarining asosiy ranglari — yashil va jigarranglardan iborat.
Banknot old tomoni chap qismida 1619−1635 yillarda qurilgan Samarqand shahridagi “SHERDOR MADRASASI” tasvirlangan.
Yuqori qismining chap tarafida o‘zgaruvchan rangli OVI bo‘yog‘ida bosilgan “5000” raqami joylashtirilgan bo‘lib, ma’lum qiyalik burchagi ko‘rinishi ostida qirmizi rangdan yashil rangga o‘zgaradi.
Banknot yuqori qismida “O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI MARKAZIY BANKI” matni, yuqori o‘ng burchagida O‘zbekiston Respublikasining Gerbi jigarrangda aks ettirilgan.
O‘ng va chap tomoni chekkasida jigarrangda joylashgan maxsus element ko‘rish qobiliyati past bo‘lgan insonlar uchun mo‘ljallangan bo‘lib, bo‘yoqning bo‘rtmalik xususiyati hisobiga banknotning qiymatini aniqlash imkonini beradi.
Banknotning quyi qismida naqshinkor bezak asosida “latent” (yashirin) tasvir “UZ” ko‘rinishida berilgan bo‘lib, u yorug‘lik manbaiga nisbatan ma’lum qiyalikda ko‘rinish xususiyatiga ega.
Quyi qismining chap tomonida banknot qiymatini aks ettiruvchi “BESH MING SO‘M” yozuvi va “O‘ZBEKISTON SO‘MI RESPUBLIKA HUDUDIDA HAMMA TO‘LOVLAR UCHUN O‘Z QIYMATI BO‘YICHA QABUL QILINISHI SHART” matni joylashgan.
Yuqoridagi tasvirlar metallograf bosma usulida bajarilgan bo‘lib, barmoq uchi bilan siypalaganda buyoqning bo‘rtmaligini sezish mumkin.
Banknot o‘ng qismidagi och fonda nusxa ko‘chirishga qarshi turli diametrdagi xalqalar joylashtirilgan bo‘lib, nusxa ko‘chirilganda ushbu tasvirlarda aniqlik yo‘qoladi.
“Xonatlas” fonida tushirilgan O‘zbekiston xaritasi chizmasida ko‘k chiziqlar bilan “Buyuk Ipak yo‘li"ning karvon yo‘llari yo‘nalishi ko‘rsatilgan.
Yuqori chap qismida Samarqand shahrining ramzi hisoblangan “qanotli qoplon” tasviri registr vazifasini bajargani holda, “old” va “orqa” tomonlarini bir-biri bilan mos tushirish uchun xizmat qiladi. Yorug‘likka qaratilganda oq qismi banknotning orqa tomonidagi rangli fon bilan qo‘shilib to‘liq tasvir hosil qiladi.
Banknotning raqami lotin alifbosidagi ikki harfli seriya va yetti xonali sondan tashkil topgan bo‘lib, o‘ng qismida gorizontal va chap qismida vertikal ko‘rinishda bosilgan.
Banknot orqa tomonida miloddan avvalgi VIII-V asrlarga tegishli bo‘lgan “AFROSIYOB ARXEOLOGIYA YODGORLIGI” tasvirlangan.
O‘ng qismida Afrosiyob xarobalaridan topilgan X asrga tegishli bo‘lgan sopol ko‘za va naqshinkor sopol lagan arxeologiya topilmasi tasviri aks etgan.
Yuqori chap qismida “O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI MARKAZIY BANKI” matni va banknot muomalaga chiqarilgan yil “2021” chop etilgan.
Banknotning pastki qismi chap va o‘ng burchaklarida banknot nominal qiymati “5000” raqami oq rangda bir chiziqda hamda yuqori o‘ng burchakda “BESH MING SO‘M” yozuvi tushirilgan.
Pastki qismida “O‘ZBEKISTON SO‘MINI QALBAKILASHTIRISH QONUNGA MUVOFIQ TA’QIB QILINADI” matni ogohlantiruvchi yozuv sifatida qayd etilgan.
10 000 so‘mlik banknot:
O‘lchami 147×69 mm.
Banknotning o‘ng tarafida och fonda qadimgi “Buyuk Ipak yo‘li"ning ramzi sifatida tuya va “10000” raqami ko‘rinishida suv belgilari joylashgan.
Banknotning o‘ng tarafida qog‘oz qatlamida kengligi 3 mm.li “golografik” himoyalangan, “UZB” yozuvi mavjud metallashgan va mashinada o‘qiladigan himoya ipi o‘tkazilgan.
Old va orqa tomonlarining asosiy ranglari — ko‘k, binafsha va pushti ranglardan iborat.
Banknot old tomoni chap qismida 1551−1575 yillarda qurilgan Toshkent shahridagi “KO‘KALDOSH MADRASASI” me’moriy yodgorligi tasvirlangan.
Yuqori qismining chap tarafida o‘zgaruvchan rangli OVI bo‘yog‘ida bosilgan “10000” raqami joylashgan bo‘lib, ma’lum qiyalik burchagi ko‘rinishi ostida tilla rangdan yashil rangga o‘zgaradi.
Banknot yuqori qismida “O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI MARKAZIY BANKI” matni, yuqori o‘ng burchagida O‘zbekiston Respublikasining Gerbi ko‘k rangda aks ettirilgan.
O‘ng va chap tomoni chekkasida joylashgan ko‘k rangdagi maxsus element ko‘rish qobiliyati past bo‘lgan insonlar uchun mo‘ljallangan bo‘lib, bo‘yoqning bo‘rtmalik xususiyati hisobiga banknotning qiymatini aniqlash imkonini beradi.
Banknotning quyi qismida naqshinkor tasvir fonida “latent” (yashirin) tasvir “UZ” ko‘rinishida berilgan bo‘lib, u yorug‘lik manbaiga nisbatan ma’lum qiyalikda ko‘rinish xususiyatiga ega.
Quyi qismining chap tomonida banknot qiymatini aks ettiruvchi “O‘N MING SO‘M” yozuvi va “O‘ZBEKISTON SO‘MI RESPUBLIKA HUDUDIDA HAMMA TO‘LOVLAR UCHUN O‘Z QIYMATI BO‘YICHA QABUL QILINISHI SHART” matni joylashgan.
Yuqoridagi tasvirlar metallograf bosma usulida bajarilgan bo‘lib, barmoq uchi bilan siypalaganda buyoqning bo‘rtmaligini sezish mumkin.
Banknot o‘ng qismidagi och fonda nusxa ko‘chirishga qarshi har xil diametrdagi xalqalar joylashtirilgan bo‘lib, nusxa ko‘chirilganda ushbu tasvirlarda aniqlik yo‘qoladi.
Yuqori qismidagi O‘zbekiston xaritasi chizmasida och chiziqlar bilan “Buyuk Ipak yo‘li"ning karvon yo‘llari yo‘nalishi ko‘rsatilgan.
Yuqori chap qismida Toshkent shahri darvozalari timsolidagi “darvoza” tasviri registr vazifasini bajargan holda, “old” va “orqa” tomonlarini bir-biri bilan mos tushirish uchun xizmat qiladi. Yorug‘likka qaratilganda oq qismi banknotning orqa tomonidagi rangli elementlar bilan qo‘shilib to‘liq tasvirni hosil qiladi.
Banknotning raqami lotin alifbosidagi ikki harfli seriya va yetti xonali sondan tashkil topgan bo‘lib, o‘ng qismida gorizontal va chap qismida vertikal ko‘rinishda bosilgan.
Banknot orqa tomonida miloddan avvalgi I asrga tegishli bo‘lgan Toshkent shahri hududidagi eng qadimiy yodgorlik — “SHOSHTEPA ARXEOLOGIYA YODGORLIGI” tasvirlangan.
O‘ng qismida Toshkentning qadimiy hunarmandchilik namunalari bo‘lgan X-XII asrlarga tegishli sopol lagan hamda X asrga tegishli ro‘zg‘or idishi tasviri aks ettirilgan.
Yuqori chap qismida “O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI MARKAZIY BANKI” matni va banknot muomalaga chiqarilgan yil “2021” chop etilgan.
Banknotning pastki qismi chap va o‘ng burchaklarida banknot nominal qiymati “10000” raqami oq rangda bir chiziqda hamda yuqori o‘ng burchakda “O‘N MING SO‘M” yozuvi tushirilgan.
Pastki qismida “O‘ZBEKISTON SO‘MINI QALBAKILASHTIRISH QONUNGA MUVOFIQ TA’QIB QILINADI” matni ogohlantiruvchi yozuv sifatida qayd etilgan.
O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki shuni alohida qayd etadiki:
- muomalaga chiqarilayotgan yangi ko‘rinishdagi qiymati 5000 so‘m va 10 000 so‘m bo‘lgan pul belgilari bugungi kunda muomalada bo‘lgan 2013 yil namunasidagi 5000 so‘mlik va 2017 yil namunasidagi 10 000 so‘mlik banknotlar bilan bir qatorda (parallel ravishda) muomalada bo‘ladi;
- ya’ni, 2013 yil va 2017 yil namunasidagi 5000 so‘mlik va 10 000 so‘mlik banknotlar ham to‘lov qobiliyatini yo‘qotmaydi;
- shuningdek, yangi ko‘rinishdagi pul belgilari ayni paytda muomalada bo‘lgan pul belgilari va tangalar bilan bir qatorda, barcha xo‘jalik yurituvchi sub’ektlar va aholi tomonidan o‘z qiymati bo‘yicha barcha turdagi to‘lovlar uchun hech qanday cheklovlarsiz qabul qilinishi shart.