Tadbirkorlarni elektr tarmogʻiga ulash muddati 20 kilovattgacha boʻlgan quvvatlar uchun — 10 kun, 50 kilovattli quvvatlar uchun esa 20 kun etib belgilanadi. Bu haqda prezident Shavkat Mirziyoyev maʼlum qildi.
“Shu yil yakuniga qadar toʻliq xususiy investitsiyalar hisobiga umumiy quvvati 1 ming 800 megavatt boʻlgan 8ta issiqlik va quyosh elektr stansiyalari ishga tushiriladi. Energetika vazirligi kelgusi yillarda bu kabi loyihalarni keskin koʻpaytirib, 2023-yilga qadar elektr energiyasi boʻyicha qoʻshimcha ishlab chiqarish quvvatlarini 4 ming 400 megavattga oshirishi shart”, — dedi prezident.
Taʼkidlanishicha, energetika vazirligi tomonidan kelgusi yil boshidan, ushbu masalada yangi, qulay tizim joriy etiladi. Bunda, elektr tarmogʻiga ulanish toʻliq elektron platformaga oʻtkaziladi va barcha jarayonlar bir bosqichga tushiriladi.
Tadbirkorlarni elektr tarmogʻiga ulash muddati 20 kilovattgacha boʻlgan quvvatlar uchun — 10 kun, 50 kilovattli quvvatlar uchun esa 20 kun etib belgilanadi. Agar, elektr taʼminoti korxonasi ishlarni muddatida yakunlamasa, ular tadbirkorlarga kompensatsiya toʻlaydi. Ushbu ishlar Davlat xizmatlari markazlari orqali tashkil etilib, muntazam nazorat qilib boriladi.
Avvalroq Spot tadbirkorlarga temir yoʻl vagonlarini olib kelishga berilgan imtiyozlar yana 4 yilga uzaytirilishi haqida yozgan edi.