Rossiyaning “Метровагонмаш” kompaniyasi tomonidan Toshkent metropoliteni uchun maxsus ishlab chiqarilgan 20 ta yangi vagon Toshkentga yuborildi. Bu haqda “Oʻzbekiston temir yoʻllari” axborot xizmati xabar bermoqda.
Qayd etilishicha, ularda 5 ta metro-poyezd tashkil etiladi. Harakat tarkibining yangi partiyasi avgust oyining oxirida yetkazib berilishi koʻzda tutilgan.
“Daryo"ning yozishicha, keltiriladigan poyezdda vagonlar orqali erkin harakatlanish mumkin. Bosh vagonlarda nogironlar aravachasi uchun joylar mavjud.
Har bir yoʻlovchilar boʻlinmasi bekatni qidirish, yoʻnalishni rejalashtirish va yoʻl vaqtini hisoblash uchun interaktiv qidirish qobiliyatiga ega sensor ekranli axborot monitorlari bilan jihozlangan.
Yoʻlovchi salonlari va haydovchi kabinalari videokuzatuv, konditsioner va havoni zararsizlantirish tizimlari bilan jihozlangan. Metro vagonlari va romlarining ishlash muddati 30 yil.
Haydovchilar kabinasining old oynasi, bir qismi yer yuzida harakatlanadigan Toshkent metrosining oʻziga xos xususiyatlarini inobatga olgan holda, qoʻlda sozlanishi mumkin boʻlgan quyosh nurlaridan himoya qiluvchi tizim bilan taʼminlanadi.
Avvalroq Spot metropoliten 6 oyda 47 mln yoʻlovchiga xizmat koʻrsatganligi haqida yozgan edi.