Moliya vazirligi tomonidan tashkil etilgan “Tashabbusli byudjet” loyihasiga fuqarolardan jami 41 125 ta taklif kelib tushgan, deya yozmoqda “kun.uz”.

Bildirilishicha, takliflarning eng koʻpi — 13 853 tasi ichki yoʻllarni taʼmirlash, 6 798 tasi taklif umumtaʼlim maktablarini taʼmirlash va jihozlash, 5 649 ta taklif koʻchalarni yoritish tizimi, 4 424 ta taklif ichimlik suvi taʼminotini yaxshilash bilan bogʻliq muammolarni tashkil etgan.

Hozirga kelib tashabbusli byudjet jarayonining 3-bosqich yaʼni ovoz berish jarayoni oʻtkazilyapti. Fuqarolar joriy yilning 2-sentyabriga qadar oʻzlarini qiziqtirgan takliflarga ovoz berishlari mumkin boʻladi.

Har bir shaxs faqatgina bir marotaba ovoz berish huquqiga ega boʻladi. Bugungi kunga kelib fuqarolar tomonidan 100 mingdan ortiq ovozlar berildi. Bu boʻyicha eng yuqori koʻrsatkich Fargʻona viloyatiga (20 446) toʻgʻri kelsa, eng past koʻrsatkich Sirdaryo viloyatiga (1 962) toʻgʻri kelmoqda.

Fuqarolarga ovoz berish jarayonlarida faol ishtirok etishiga imkoniyat yaratish maqsadida 3 xil koʻrinishda ovoz berish shakli tatbiq etilgan boʻlib, jumladan fuqarolar portaldan roʻyxatdan oʻtgan holda, SMS-qisqa xabar orqali, oflayn koʻrinishda ovoz berishi mumkin.

Avvalroq Spot yoʻl qurilishiga sarflanadigan pulni nazorat qiladigan onlayn platforma ishga tushishi haqida yozgan edi.